Umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar uchun magistraturada masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratildi. Hukumat qaroriga koʻra, ular pedagogika yoʻnalishidagi magistratura dasturlarida ishdan ajralmagan holda tahsil olishi hamda oʻqishni tamomlagach uch yil davomida maktablarda faoliyat yuritishi lozim boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilarini pedagogika sohasida magistraturaga oʻqishga maqsadli qabul qilish tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan hamda oliy malaka toifasiga ega boʻlgan oʻqituvchilarni pedagogika sohasining magistratura bosqichida masofaviy taʼlim shaklida oʻqitish tizimi joriy etiladi.
Bunda:
— oʻqish jarayonlari ishdan ajralmagan holda, masofaviy taʼlim shaklida amalga oshiriladi;
— pedagoglar maqsadli magistraturani tugatgandan keyin uch yil davomida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotida ishlab berish majburiyatini oladi;
— maqsadli magistraturaga qabul oliy taʼlim tashkilotlarining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
2026-2027-oʻquv yilidan boshlab Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetida oliy toifali oʻqituvchilarni maqsadli magistraturada oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Muhim: oliy toifali oʻqituvchilar ushbu qarorga muvofiq maqsadli magistraturaga qabul qilingan taqdirda, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-avgustdagi 447-son qarorida belgilangan toʻlov-kontrakt summasini davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish shartlari ularga nisbatan tatbiq etilmaydi.
