Andijon viloyatida tugʻilib, bugun Toshkentda tahsil olayotgan Isayev Diyorbek bir yil ichida tarix va ona tili fanlaridan A, ingliz tilidan B2 hamda matematikadan C darajadagi sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. U sertifikatlari orqali oliy ta’limga kirish uchun zarur bo‘lgan 189 ballni muddatidan oldin jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi oʻquvchisi Isayev Diyorbek Doniyorbek oʻgʻli qisqa vaqt ichida tarix fanidan A, ona tili va adabiyotidan A, ingliz tilidan B2 hamda matematikadan C darajadagi sertifikatlarni qoʻlga kiritdi.
Diyorbekning Taʼlimxabarlari.uzʼga maʼlum qilishicha, u Andijon viloyati Jalaquduq tumanida tugʻilgan. 1–8-sinflarni ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida tamomlagan, keyinchalik Oltinkoʻl tuman ixtisoslashtirilgan maktabida oʻqigan. Hozirda esa Diplomatiya universiteti akademik litseyida tahsil olmoqda.
“Eski maktabimda oʻqigan vaqtimda sertifikat olish uchun deyarli harakat qilmaganman. Diplomatiya litseyiga kelganimdan keyin bu masalaga jiddiy qaray boshladim”, — deydi u.
Uning aytishicha, sertifikat olish gʻoyasining paydo boʻlishiga qiziqish bilan bir qatorda raqobat muhiti ham sabab boʻlgan.
“Litseyga kelganimda kursdoshlarimning aksariyatida turli sertifikatlar bor edi. Menda esa umuman yoʻq edi. Shundan keyin oʻzimga maqsad qoʻydim va koʻproq ishlashga qaror qildim”, — deydi Diyorbek.
Shundan so‘ng u tarix, matematika, ingliz tili hamda ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha tayyorgarlikni boshladi. Qisqa vaqt ichida tarix va ona tilidan A, matematikadan C hamda ingliz tilidan B2 darajasidagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Bu natijalar ortida esa muntazam mehnat va qat’iy intizom turardi. Ayniqsa, tarix fani unga alohida yaqin bo‘lgan.
“Eng oson fan ham, eng qiyin fan ham tarix boʻldi. Chunki bu mening asosiy fanim edi. Tarixga juda koʻp vaqt ajratganman”, — deydi u.
Diyorbek tarix faniga uch oy davomida har kuni kamida 5–6 soatdan vaqt sarflagan. Uning aytishicha, sertifikat olish jarayonidagi eng katta sinov fanlarning murakkabligi emas, balki intizomni saqlab qolish boʻlgan.
“Har kuni bir xil narsani oʻqiyverish baʼzida juda qiyin boʻladi. Eng katta qiyinchilik intizomni yoʻqotmaslik edi”, — deydi u.
Imtihonlarda esa barcha fanlar ham kutilganidek oson kechmagan. Xususan, matematika va ona tili fanlaridagi savollar u kutganidan ancha murakkabroq bo‘lgan.
“Matematika va ona tili fanlaridan tushgan savollar men oʻylaganimdan ancha qiyin keldi. Ona tilidan esa umuman yuqori natija kutmagandim”, — deydi oʻquvchi.
Ko‘pchilik muvaffaqiyatga erishish uchun turli metodlardan foydalanishi haqida gapiradi. Diyorbek esa bu borada o‘z qarashlariga ega.
“Menda maxsus metod boʻlmagan. Men shunchaki koʻp ishladim. Vaqt sarflashdan qochmagan holda hard studying qildim”, — deydi u.
Shu bilan birga, u muvaffaqiyatida ustozlarining hissasi katta boʻlganini taʼkidlaydi. Ayniqsa, tarix fanidan tayyorlanish davrida Sarvarjon Boltayevning yordami katta boʻlgan.
“Menga eng katta yordam bergan ustozlardan biri Sarvarjon Boltayev boʻlgan. Tarix sertifikatidan keyin ham oʻqish jarayonlarida qoʻllab-quvvatlab kelgan”, — deydi Diyorbek.
Biroq yangi maqsadlar paydo boʻlgach, masʼuliyat hissi ham ortgan. Kelajakda qaysi kasbni tanlashidan qatʼi nazar, u avvalo yaxshi inson boʻlishni istashini aytadi.
“Kelajakda qaysi kasb egasi boʻlishimdan qatʼi nazar, avvalo odam boʻlishni xohlayman”, — deydi u.
Tengdoshlariga esa birinchi navbatda intizomli bo‘lishni tavsiya qiladi.
“Agar milliy sertifikat olmoqchi boʻlsangiz, intizomli boʻling. Eng muhimi esa hamma qilayotgan ishni takrorlamang, oʻzingizni kashf eting”, — deydi u.
Avvalroq, Toshkentda 10-sinf bitiruvchisi yuqori natijali sertifikatlarni qo‘lga kiritganligi haqida xabar bergan edik.
