Toshkent shahar Olmazor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-“A” sinf bitiruvchisi Akramov Asadbek Elbek o‘g‘li xalqaro SAT imtihonida 1550 ball to‘plab, yuqori natijani qayd etdi. Bundan tashqari, u IELTS 8.0, matematika fanidan A, o‘zbek tili va adabiyot fanidan esa B darajali milliy sertifikat sohibi hamdir.
O‘quvchi bu natijalarga qanday erishgani, tayyorgarlik jarayoni va kelajak rejalari haqida so‘zlab berdi.
Asadbek ingliz tilini 9-sinf boshidan o‘rganishni boshlagan. IELTS imtihoniga esa 9-sinfni tugatgach, yozgi ta’til davrida jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan.
SAT va IELTS sertifikatlarini olish g‘oyasi 2025-yil yozida paydo bo‘lgan. Bu fikrni menga ota-onam maslahat berishgan edi.
Har bir sertifikat ortida oylar davom etgan mehnat
Yuqori natijalarga erishish uchun Asadbek har bir fan bo‘yicha alohida reja asosida ishlagan. Matematika fanidan milliy sertifikat olishga 9 oy, ona tili va adabiyot faniga esa 3 oy tayyorlangan.
Maktabdagi ta’lim muhiti va ustozlarning ko‘magi bu jarayonda muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi.
Maktabimiz ixtisoslashtirilgan bo‘lgani sababli direktorimiz Zamira Narbayeva hamda ustozlarimiz sertifikatlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishdi. O‘sha davrda kunimning asosiy qismi dars qilish bilan o‘tardi. IELTS va SAT imtihonlariga bir vaqtda tayyorlanganman, — deydi Asadbek.
Uning aytishicha, SAT imtihoniga tayyorlanishda u asosan SATashkent o‘quv markazining kitoblaridan foydalangan. IELTS uchun esa Vocabulary for IELTS, turli mock testlar hamda maktabdagi ingliz tili o‘qituvchisi Shuxratbek Abdishukurov tavsiya qilgan materiallar asosiy manba bo‘lgan.
Asadbekning ta’kidlashicha, SAT imtihonining ingliz tili bo‘limida eng muhim jihatlardan biri — vaqtni to‘g‘ri taqsimlash.
Har qanday uzoq davom etadigan tayyorgarlik jarayonida qiyinchiliklar uchraydi. Asadbek ham motivatsiyasi pasaygan davrlarni boshdan kechirganini yashirmaydi.
Motivatsiya pasayishi haqiqatan bo‘lgan. Lekin ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi tufayli buni yenga oldim. Bunday vaziyatlarda ustozlardan maslahat olish juda muhim, — deydi u.
U ushbu muvaffaqiyatda ota-onasi, maktab direktori Zamira Narbayeva, sinf rahbari Oygul Nuriddinovna, matematika o‘qituvchisi Akbar Farmonov, ingliz tili o‘qituvchisi Shuxratbek Abdishukurov, ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Dono Saidaxmedova hamda barcha ustozlarining hissasi beqiyos ekanini alohida ta’kidlaydi.
Natijani kutish eng hayajonli lahza bo‘ldi
O‘quvchining aytishicha, imtihon kuni hayajonni butunlay yo‘qotishning iloji bo‘lmaydi. Muhimi, o‘zini boshqara olishdir.
Imtihon vaqtida baribir qandaydir hayajon bo‘ladi, lekin o‘zimni bosib olib, tayyorgarlik davomida olgan bilimlarimni qo‘llashga harakat qildim. Natijalar e’lon qilinadigan vaqt esa juda sekin o‘tayotgandek tuyuldi.
1550 ballik natijani ko‘rgan onlarini esa quyidagicha eslaydi:
Shuncha qilgan mehnatlarim oqlanganini ko‘rish menga katta baxt hissini berdi.
Uning fikricha, SAT imtihoniga shoshilmasdan, avvalo ingliz tili darajasini mustahkamlash kerak.
Birinchi ingliz tilini yaxshilash kerak (hech bo‘lmaganda B2 levelgacha). IELTS Reading bo‘limidan 8 yoki undan yuqori natija ko‘rsata oladiganlar SAT kursini boshlashi mumkin. Undan past natijaga ega bo‘lganlarga esa avval Pre-SAT tayyorgarligidan o‘tishni tavsiya qilaman, — deydi u.
Kelajak maqsadi — sun’iy intellekt sohasida tahsil olish
Asadbek kelajakda xorijning nufuzli universitetlarida tahsil olishni rejalashtirmoqda. Uning asosiy maqsadi sun’iy intellekt yo‘nalishida chuqur bilim olish.
Asosan Sharqiy Osiyo davlatlariga hujjat topshirishni rejalashtiryapman. Xitoy, Singapur va Yaponiya universitetlarida AI yo‘nalishi juda rivojlangan. Shu sababli aynan shu davlatlarga topshirib ko‘rmoqchiman, — ta’kidlaydi u.
Ayni paytda u fizika va tarix fanlaridan ham milliy sertifikat olish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Asadbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, IELTS 8.0 va SAT 1530 sertifikatini qo‘lga kiritgan 10-sinf o‘quvchisi Shirina To‘raqulova bilan suhbatlashgan edik.

