Buyuk Britaniyaning Janubi-g‘arbiy hududlarida kuzatilayotgan kuchli issiq ob-havo sababli ayrim maktablar vaqtincha qisman yopilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Sinoptiklar Buyuk Britaniyaning Devon va Kornuoll hududlarida havo harorati 30 darajadan oshishini prognoz qilgan. Shu munosabat bilan mamlakat Sog‘liqni saqlash xavfsizligi agentligi Janubi-G‘arb hududi uchun eng yuqori — qizil darajadagi issiq ob-havo xavfi ogohlantirishini e’lon qildi.
Ushbu ogohlantirish joriy yil 24-iyun kuni soat 01:00 dan 25-iyun kuni soat 23:00 gacha amal qiladi.
Qizil darajadagi issiqlik xavfi – inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini anglatadi. Ayniqsa, bolalar, keksalar va surunkali kasalliklarga chalingan insonlar uchun ehtiyot choralarini kuchaytirish tavsiya etilgan.
Haroratning keskin ko‘tarilishi sababli Devon, Kornuoll va Kanal orollaridagi ayrim maktab hamda bog‘chalar faoliyatini cheklashga qaror qildi. Ba’zi ta’lim muassasalari ota-onalarga farzandlarini maktabga yuborish yoki yubormaslik masalasini mustaqil hal qilish imkonini bergan.
Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniyada maktab darslari 1-sentyabrdan iyul oyi o‘rtalariga qadar davom etadi.
Masalan, “Kingsbridge Community College” rasmiy bayonotida o‘quvchilarning qulayligi va salomatligini ta’minlash maqsadida ularga maktab formasi o‘rniga jismoniy tarbiya kiyimida kelishga ruxsat berilganini ma’lum qildi.
Jersi orolidagi “Beaulieu Convent School”da darslar davom etishini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, ota-onalarga farzandlarini maktabga yuborish yoki yubormaslik masalasini o‘zlari hal qilishlari mumkinligi haqida elektron xat yuborgan. “Busy Bees” nomli bolalar bog‘chasi esa chaqaloqlar guruhi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.
Kuchli issiq transport tizimiga ham ta’sir ko‘rsatgan. “Great Western Railway” (GWR) va “South Western Railway” (SWR) temiryo‘l kompaniyalari aholiga zarurat bo‘lmasa safarga chiqmaslikni tavsiya qildi.
GWR kompaniyasining ta’kidlashicha, haddan tashqari issiq temiryo‘l relslarining kengayishi va egilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, havo harorati ma’lum darajaga yetganda poyezdlar xavfsizlikni ta’minlash maqsadida pastroq tezlikda harakatlanadi.
“Bu kunning eng issiq vaqtlarida poyezdlar sonining kamayishiga va safar vaqtining biroz uzayishiga olib keladi”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
