Ba’zan katta muvaffaqiyatlar birgina qarordan boshlanadi. Buxoro viloyati Jondor tuman ixtisoslashtirilgan maktabining 10-sinf o‘quvchisi Shirina To‘raqulova uchun ham hammasi ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishdan boshlangan edi. Bugun esa u IELTS imtihonidan 8.0 ball, SAT’dan esa 1530 ball olib, tengdoshlari orasida katta yutuqqa erishdi.
Shirina ingliz tilini 5-sinfdan o‘rganishni boshlagan. O‘sha yili imtihon topshirib, ixtisoslashtirilgan maktabga qabul qilingan qiz tengdoshlari bilan bir safda bo‘lish, ulardan ortda qolmaslik uchun o‘z ustida ko‘proq ishlashga qaror qiladi.
Vaqt o‘tishi bilan uning oldida yangi maqsad paydo bo‘ladi — xorijda tahsil olish. Aynan shu orzu uni IELTS va SAT imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rishga undaydi.
Chet elda o‘qish istagi paydo bo‘lgach, buning uchun nimalar kerakligini o‘rgandim. Shundan keyin IELTS va SAT uchun jiddiy tayyorgarlikni boshladim, — deydi Shirina.
U SAT imtihoni uchun 8 oy, IELTS uchun esa bir yarim oy vaqt sarflagan o‘quvchi uchun bu davr oson kechmagan. Maktabdagi darslar, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va mustaqil tayyorgarlikni bir vaqtning o‘zida olib borish katta mas’uliyat talab qilardi.
Kamchiliklar ustida ishlash
Har bir muvaffaqiyat yo‘lida sinovlar bo‘lgani kabi, Shirinaning ham o‘ziga xos qiyinchiliklari bo‘lgan. Ingliz tilida lug‘at boyligini oshirish uning oqsagan nuqtalaridan biri edi.
Vocabulary — mening eng nozik nuqtam edi. Men murakkab so‘zlarni bilardim lekin unchalik ko‘pmas. O‘ylaymanki, o‘zim bilgan so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llay olganim mening eng katta yutug‘im bo‘lgan, — deydi u.
Tayyorgarlik davomida SAT uchun “Prep Pros” kitobi va Playntest platformasidan foydalangan. IELTS imtihonida esa Reading va Listening ko‘nikmalarini mustaqil ravishda rivojlantirgan, Writing uchun esa yuqori baholangan Band 9 darajasidagi insholarni tahlil qilgan.
Katta salohiyat qizlarda ham bor..
Biroq uning muvaffaqiyatida bilimdan tashqari yana bir muhim omil bor edi — o‘zini isbotlash istagi.
Men qiz bola bo‘lganim uchun chet elda o‘qishimni oilamdagilar qo‘llab-quvvatlamasdi. Men esa ularga qizlarda ham katta salohiyat borligini ko‘rsatishni istardim. Shu fikr menga motivatsiya berib kelgan.
O‘quvchining aytishicha, SAT natijasi esa unga osonlikcha nasib etmagan. U ushbu imtihonni uch marta topshirib, 1530 ballik natijani ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan. Har bir urinish yangi tajriba, yangi xulosa va yangi kurash demak edi.
Dastlab hayajon bo‘lmagan. Ammo keyingi urinishlarda xavotir kuchaygan. Chunki bu mening 1500+ natijaga erishish uchun so‘nggi imkoniyatim edi, — deya eslaydi u.
Va nihoyat kutilgan kun keldi. Natijalar e’lon qilinganda, Shirina uzoq oylik mehnatining samarasini ko‘radi.
Natijalarni ko‘rganimda baxtdan osmonga sakragandek bo‘ldim. Hammasi men kutgandek chiqdi. Birinchi bo‘lib ustozlarimga xabar berishga shoshildim.
Bugun Shirina oldiga yanada ulkan maqsadlarni qo‘ygan. U dunyoning TOP-50 taligiga kiruvchi universitetlariga hujjat topshirishni niyat qilgan.
Mag‘lubiyatga uchraganingizda to‘xtab qolmang. Aynan o‘sha paytda hammasini tashlab yuborish fikri keladi. Lekin ichingizdagi shu ovozga quloq solmang. Nima uchun boshlaganingizni eslang va yo‘lingizda davom eting.
Shirinani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, mazkur maktabda tahsil oluvchi 10-sinf o‘quvchisi Ibrohim Ismoilov IELTS 7.5 va SAT 1520 natijali xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Intervyuni o‘qish
