Andijonda voyaga yetmagan bolalar janjaliga aralashgan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Andijonda voyaga yetmagan bolalar janjaliga aralashgan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Andijon viloyatining Shahrixon tumanida bolalar o‘rtasidagi janjalga aralashib, qo‘shnisining farzandiga tan jarohati yetkazgan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.

 

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani aks etgan video tarqalgan edi.

 

Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati IIB rasmiy munosabat bildirib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangani ma’lum qilindi.

 

Viloyat IIB ma’lumotiga ko‘ra, 18-iyun kuni taxminan soat 15:30 larda “Namozgoh” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Shahrixonsoy kanali bo‘yida 2016 yilda tug‘ilgan ikki nafar bola cho‘milish vaqtida o‘zaro janjallashib qolgan.

 

Shu paytda 1988 yilda tug‘ilgan ota vaziyatga aralashib, qo‘shnisining bolasini kaltaklagan.

 

Hodisa aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan.

 

Erkak ichki ishlar bo‘limida o‘z qilmishiga afsusda ekanligini bildirib, qilgan ishidan pushaymon ekanini aytgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “d” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi qo‘lga olinib, tergov harakatlari olib borilmoqda.