O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni 1,5 million nafardan oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida respublika oliy ta’lim tashkilotlarida jami 1 million 535 ming nafar talaba tahsil olgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi o‘quv yiliga nisbatan 102,2 ming nafarga yoki 7,1 foizga ko‘pdir.
Talabalar tarkibida ayollar ulushi yuqoriroq bo‘lib, ularning soni 782,9 ming nafarni tashkil etgan. Erkak talabalar soni esa 752,1 ming nafarga yetgan.
So‘nggi yillarda oliy ta’lim qamrovi izchil oshib bormoqda. Xususan, talabalar soni 2021/2022-o‘quv yilida 808,4 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2022/2023-o‘quv yilida 1 million 42,1 ming nafarga, 2023/2024-o‘quv yilida 1 million 314,5 ming nafarga, 2024/2025-o‘quv yilida esa 1 million 432,8 ming nafarga yetgan.
2025/2026-o‘quv yilida esa ushbu ko‘rsatkich 1 million 535 ming nafarni tashkil qilgan.
Avvalroq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining stat.edu.uz platformasida mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda nechta oliygoh va talaba borligi ma’lum qilingan edi.
