Maktablarning 1-sinfiga qabul jarayonida bir vaqtning o‘zida bir nechta maktabga ariza topshirish imkoniyati mavjud emas. Arizalar belgilangan bosqichlar asosida ketma-ket yuboriladi.
Xabaringiz bor, 2026-yilda 1-sinfga qabul jarayonlari 20-iyun sanasidan boshlanadi.
Qabul jarayonlari ikki bosqichda o‘tkaziladi:
- birinchi bosqich – 20-iyundan 31-iyulgacha arizalar biriktirilgan mikrohudud doirasida qabul qilinadi;
- ikkinchi bosqich – mikrohududdan tashqari qabul jarayonlari maktabning imkoniyatlariga qarab amalga oshiriladi.
Qabul jarayonlarida birdaniga ikkita maktabga ariza topshirish imkoniyati mavjud emas.
Bunda dastlab joriy yilning 20-iyunidan 31-iyuligacha faqat biriktirilgan mikrohududdagi bitta maktabga, 1-avgustdan 31-avgustgacha esa mikrohududdan tashqaridagi ikkinchi maktabga ariza yuborish mumkin.
Shuningdek, xorijiy davlat fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar farzandlarini vazirlik elektron platformasi (my.maktab.uz) yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar farzandlarini O‘zbekiston Respublikasining umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish” xizmatidan foydalangan holda 1-sinfga qabul qilish bo‘yicha ariza yuborishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bu yil 795 mingdan ortiq bolalarni 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilmoqda. 2026-2027 o‘quv yilida ham 7 yoshga toֹ‘ladigan bolalar qabul qilinadi.
2026-2027-o‘quv yilida 5 600 dan ortiq maktablarga 1-sinfga qabul jarayonlari onlayn tarzda tashkil etiladi. Mazkur maktablar ro‘yxati bu yerda tanishishingiz mumkin.
