Suv havzasiga tushib vafot etgan bola bog‘cha tizimida ro‘yxatda bo‘lmagan — MMTB

Suv havzasiga tushib vafot etgan bola bog‘cha tizimida ro‘yxatda bo‘lmagan — MMTB

Payariq tumanidagi nodavlat bogʻcha tarbiyalanuvchisining suv havzasiga tushib ketishi oqibatida vafot etgani ortidan masʼul tashkilotlar oʻrganish va surishtiruv ishlarini boshladi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, bola bogʻchaning axborot tizimidagi roʻyxatida mavjud boʻlmagan.

 

Xabar berganimizdek, Samarqand viloyatining Payariq tumanida joylashgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi mazkur bogʻcha yonidagi maktab hududida suv havzasiga tushib ketishi oqibatida vafot etgan.

 

Viloyat MMTB xabar berishicha, joriy yilning 5-iyun kuni Samarqand viloyati Payariq tumani “Sarbazor” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan “Yulduzcha” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi bilan bogʻliq holat yuzasidan Payariq tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Mazkur holat Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.

 

“Ayni paytda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatini har tomonlama oʻrganish maqsadida tegishli tashkilotlarga, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili (Biznes-ombudsman)ga xat tayyorlanmoqda” — deyiladi xabarda.

 

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, bola tadbirkor tomonidan tashkilotning nodavlat-bogcha.uz maktabgacha taʼlim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimiga roʻyxatga qoʻyilmagan.

 

Shuningdek, oʻrganish va surishtiruv yakunlari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar belgilangan tartibda jamoatchilikka taqdim etilishi bildirilgan.