Endi mahkumlarning ma’naviy-axloqiy adabiyotlarni o‘qigani maxsus test orqali baholanadi. Hukumatning yangi qarori bilan bu jarayonni nazorat qiluvchi komissiyalar faoliyati, shikoyat qilish tartibi hamda natijalarni tasdiqlash mexanizmlari belgilandi.
Hukumatning qarori 2026-yil 12-iyundagi 307-sonli qarori bilan “Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning jazoni o‘tash davrida to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi nizom tasdqilandi.
Nizomga ko‘ra, talabgorning test sinovi topshirishini nazorat qilib borish va natijalarini xulosa asosida tasdiqlash uchun muassasa xodimlari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tashkil etiladi.
Komissiya yig‘ilishi, qoida tariqasida, yiliga kamida 2 marta, har yil fevral va avgust oylarida o‘tkaziladi.
Komissiya xulosasi talabgorga imzo qo‘ydirib, tanishtiriladi hamda uning shaxsiy yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi.
Xulosaning ko‘chirma nusxasi prokurorga yuboriladi, shuningdek, mahkumning himoyachisiga uning so‘roviga ko‘ra beriladi.
Talabgor test sinovi natijalari unga tanishtirilgan kundan boshlab, 5 ish kuni ichida test o‘tkazilish jarayoni yoki natijalari bo‘yicha shaxsan o‘zi yoki himoyachisi orqali sudga shikoyat yo‘llashi mumkin.
Sud shikoyatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
– talabgor tomonidan ko‘rsatilgan dalillar tasdiqlanmasa, test sinovi natijalarini o‘zgarishsiz, shikoyatni esa qanoatlantirmasdan qoldirish to‘g‘risida;
– talabgor tomonidan ko‘rsatilgan dalillar asosli deb topilsa, shikoyatni qanoatlantirish va test sinovi natijalarini bekor qilish to‘g‘risida.
Avvalroq, mahkuma ayollarga ham oliy ta’limda o‘qish imkoni berilishi haqida xabar bergan edik.
