Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish tartibi tasdiqlandi

Xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishni ko‘chirish tartibi tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish tartibi tasdiqlandi. Arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustgacha elektron platformalar orqali qabul qilinadi.

 

Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan talabalar oʻqishini davlat oliy taʼlim tashkilotlariga koʻchirish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida’’gi qarori qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, Bilim va malakalarni baholash agentligi (Agentlik) ushbu sohada vakolatli davlat organi hisoblanadi.

 

Ariza beruvchi har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar YAIDXP yoki Agentlikning maxsus elektron platformasi yoxud davlat xizmatlari markazlari orqali ariza beradi.

 

Quyidagilar arizani rad etishga asos boʻladi:

 

  • soʻrovnomada nazarda tutilgan hujjatlar yoki maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmagani;
  • soʻrovnomada notoʻgʻri yoxud buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlangani;
  • belgilangan miqdordagi toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmagani.

 

Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ishchi organ tomonidan har yili 15-iyuldan 6-avgustgacha koʻrib chiqiladi hamda arizani qabul qilish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.

 

Bu haqda ariza beruvchiga YAIDXP yoki maxsus platforma orqali xabarnoma yuboriladi.

 

Oʻqishni koʻchirish boʻyicha QR-kodli imtihon natijasi vakolatli organ tomonidan har yili imtihonlar yakunlangandan soʻng 1 hafta ichida ariza beruvchiga yuboriladi.