O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Kecha, 11-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, shuningdek, yoʻl harakati ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda yoʻl-transport hodisalarining oldini olish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Unda ayrim fuqarolar tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berilayotgani, bu esa yoʻllarda oʻlim va jiddiy jarohat olish holatlariga sabab boʻlayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan yangicha yondashuv asosida yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, ogʻir oqibatli avariyalarning oldini olish, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Prezident giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlar orasida mazkur illatning tarqalishiga qatʼiy chek qoʻyish hamda yoʻllarda inson hayoti va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha takliflarni maʼqulladi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, Fargʻona viloyatida voyaga yetmagan haydovchi 3 nafar 10 yoshli qizni urib yuborgan edi. Hodisa oqibatida ulardan biri vafot etgan.
