“A Level” sertifikatiga ega abituriyentlar imtihonsiz o‘qishga kirish imtiyozidan foydalanish uchun sertifikat ma’lumotlarini qabul tizimiga kiritishi lozim. Buning uchun my.uzbmb.uz platformasidagi “Xalqaro sertifikatlar” bo‘limi orqali tegishli ma’lumotlar to‘ldiriladi.
Hukumat qarori bilan joriy oʻquv yilidan boshlab “A level”, “International Baccalaureate” (IB) va SAT kabi 3 ta xalqaro sertifikatdan biriga ega boʻlgan abituriyentlarga imtihonsiz oʻqishga kirish imkoniyati berilgan edi.
Abituriyent roʻyxatdan oʻtishda ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi boʻlsa, my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabineti orqali roʻyxatdan oʻtish jarayonida sertifikat maʼlumotlarini kiritishi lozim. Yaʼni abituriyentlar my.uzbmb.uz platformasidagi shaxsiy kabinetida “Xalqaro sertifikatlar” boʻlimini tanlab, sertifikat turi, darajasi, sertifikat seriya va raqami hamda berilgan sanani kiritish orqali imtiyozdan foydalanishlari mumkin.
Mazkur sertifikat egalari kirish imtihonlarida (test sinovlarida) ishtirok etmasdan, “B” va undan yuqori daraja bilan imtihonsiz bazaviy toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha qabul kvotasi doirasida oʻqishga qabul qilinadi.
Ushbu imtiyozdan faqat matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlaridan “A level” sertifikatiga ega boʻlgan abituriyentlar foydalanishi mumkin.
Bunda sertifikatdagi fanlar abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishidagi kirish imtihoni fanlari majmuasiga (bloklariga) mos kelishi shart.
Avvalroq, SAT sertifikatiga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tishda imtiyozdan qanday foydalanishi haqida xabar bergan edik.
