Nodavlat oliy ta’lim muassasasida bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilar davlat oliygohlarining magistratura bosqichida, davlat oliygohlarida bakalavriatni yakunlagan talabalar esa nodavlat oliygohlar magistraturasida ta’limni davom ettirishi mumkin. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, litsenziyaga ega nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar davlat oliygohlari diplomlari bilan teng huquqqa ega.
Xabar berganimizdek, 1-iyun sanasidan boshlab Respublikadagi nodavlat oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilish boshlandi va jarayonlar sentabr oyiga qadar davom etadi.
O‘zbekistonda nodavlat va davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida bakalavriat hamda magistratura bosqichlarida ta’limni davom ettirish bo‘yicha hech qanday cheklov mavjud emas. Ya’ni, nodavlat oliygohda bakalavriatni tamomlagan bitiruvchi davlat oliygohining magistraturasida, davlat oliygohida bakalavriatni yakunlagan talaba esa nodavlat oliygoh magistraturasida tahsil olishi mumkin.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunining 31-moddasiga muvofiq, tegishli litsenziyaga ega nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar davlat oliy ta’lim muassasalari diplomlari bilan teng huquqli hisoblanadi.
Shu sababli nodavlat oliygohlarning magistratura bosqichini bitirganlarga berilgan diplomlar ham respublika hududida rasman tan olinadi.
