Qashqadaryo viloyatida yashovchi Jasmina Maxmasalayeva o‘z tengdoshlari orasida nafaqat yuqori natijalari, balki qat’iyati va mehnatsevarligi bilan ham ajralib turadi. U bir nechta fandan sertifikatlar olib, muddatidan avval talabalikni naqd qildi.
Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi 28-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Jasmina Maxmasalayeva CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyoti B+, matematika B+ hamda tarix fanidan B darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Jasminaning muvaffaqiyat yo‘li ilm-ma’rifat qadrlanadigan oilaviy muhitdan boshlangan. U o‘z oilasini ziyolilar oilasi deb ta’riflaydi.
Bizning oilamizda hamma o‘qishga qiziqadi. Shunday muhitda ulg‘ayganman. Sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfda paydo bo‘lgan. Ungacha matematika fanidan olimpiadalarda qatnashardim, — deydi u.
Ilk sinovga kirish ham aynan ingliz tilidan bo‘lgan. Jasmina o‘z bilim darajasini aniqlash maqsadida sertifikat muddati universitetga topshirish vaqtigacha yetmasligini bilsa-da, imtihon topshirishga qaror qiladi va birinchi urinishdayoq CEFR B2 (53) darajasini qo‘lga kiritadi. Oradan bir yil o‘tib esa natijasini yanada yaxshilab, B2 (63) darajasiga erishadi. Reading bo‘limida 75 balldan 75, Listening bo‘limida esa 72 balldan 75 natija qayd etib, deyarli mukammal ko‘rsatkichlarni namoyish etadi.
Keyinchalik u kutilmaganda o‘z yo‘nalishini o‘zgartiradi va asosiy fan sifatida ona tili hamda adabiyotga jiddiy e’tibor qaratadi.
Ona tili faniga deyarli noldan tayyorlandim. Ingliz tiliga 3 oy, ona tiliga 4 yarim oy, matematikaga bir yarim oy, tarixga esa 2 oy vaqt ajratdim, — deydi u.
“Har kuni ertangi kun uchun reja tuzardim”
Ushbu natijalarga erishishda repetitorlar va maktabdagi ustozlarning hissasi katta bo‘lgan. Biroq Jasminaning fikricha, muvaffaqiyatning asosiy siri tartib va intizomda. Har kuni kechqurun ertangi kun uchun reja tuzish uning odatiga aylangan. Aynan shu usul unga vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va har bir daqiqadan unumli foydalanishda yordam bergan.
Men uchun eng samarali usul — rejalashtirish bo‘lgan. Har kuni nima qilishim kerakligini oldindan belgilab qo‘yardim va unga qat’iy amal qilardim.
Maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlikni birgalikda olib borish ham oson kechmagan. Jasmina ayrim kunlari 10 soatdan ortiq dars qilganini eslaydi.
Shuningdek, u o‘zini ingliz tilidagi “night owl” — ya’ni tungi faol insonlar toifasiga kiritadi. Kechki vaqt uning eng samarali o‘qish vaqti bo‘lganini eslaydi:
Ingliz tilida ibora bor “night owl” va “early bird”. Men “night owl” sirasiga kirardim. Kechqurun samaraliroq dars qilardim. Maktabdan kelib, darrov tayyorgarlikka ketardim. Undan kelib, ozgina dam olib keyin darslarimni boshlardim. Shu bilan tong sahargacha dars qilgan kunlarim ham bo‘lgan.
Shu o‘rinda Jasmina ota-onasiga alohida minnatdorlik bildiradi.
“Har bir qiyinchilik ortidan yengillik bor” deganlaridek, shu o‘rinda ota-onamga rahmat aytmoqchiman. Yaratib bergan sharoitlari uchun boshim yerga tekkuncha ta’zimdaman, — deydi u.
“Tushkunlikka tushmang, sertifikat sizning joningiz emas”
Yuqori natijalar ortida ko‘pincha hech kim ko‘rmaydigan ruhiy kurashlar ham yashirinadi. O‘quvchi ham tayyorgarlik davrida kuchli stressni boshdan kechirganini yashirmaydi.
Ayniqsa, ona tili va tarix fanlariga tayyorlanish jarayonida bosim kuchli bo‘lgan. Asosiy faniga kech kirishgani sababli vaqt yetmay qolishidan xavotirlangan. Bunday paytlarda esa unga eng katta dalda oilasi va ustozlaridan kelgan.
Qolganlarga ham maslahat: tushkunlikka tushmang, sertifikat sizning joningiz emas. Natija muhim, lekin undan ham muhimi sog‘liq, — deydi u.
“Odam qilgan ishni odam qiladi”
Jasminaning fikricha, yuqori ball olish uchun eng avvalo diqqatni jamlash zarur. Test davomida chalg‘imaslik, noto‘g‘ri variantlarni tezda chiqarib tashlash va mantiqiy fikrlash yaxshi natijaga olib keladi.
Telefon xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham chalg‘itadi. Inson kelajagini o‘ylab, unga o‘zi chegara qo‘ya olishi kerak. Men telefondan faqat darslarim uchun foydalanganman.
Bugungi kunda u ko‘plab tengdoshlariga namuna bo‘layotgan bo‘lsa-da, muvaffaqiyatning asosiy omili sifatida iste’dodni emas, mehnatni ko‘rsatadi.
Qiyin, lekin uddalasa bo‘ladi. Odam qilgan ishni odam qiladi. Muhimi, yo‘lda to‘xtab qolmaslik. Men o‘zimga shunday shior qo‘ygan edim: ikki oy tinimsiz mehnat qilasan va keyin natijasini ko‘rasan. Yoki ikki oy vaqtni bekor o‘tkazib, keyinchalik afsuslanib yurasan. Men shunga amal qilib, o‘zimga chegara qo‘ya olganman. Har darsdan chalg‘ishganida ota-onasiga bir qarash kifoya. Ular issiqni issiq, sovuqni sovuq demay charchadim demay, biz farzandlar uchun jonlarini fido qilib ishlashyaptimi, biz “charchadim” deyishga haqqimiz yo‘q, — deydi u.
“Men hali yangi marralar sari intilyapman”
Jasminaning yutuqlari sertifikatlar bilan cheklanmaydi. U Rossiyaning nufuzli TOP universitetlaridan biriga grant asosida muddatidan oldin talabalikka qabul qilingan. Biroq u ta’limni O‘zbekistonda davom ettirishni afzal ko‘rishini ta’kidladi.
Kelgusida esa O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Chet tillar filologiyasi yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, Jasmina yosh bo‘lishiga qaramay ijod bilan ham shug‘ullanadi. Uning 3 ta kitobi taniqli internet platformalarida savdoga qo‘yilgan, mualliflik maqolalari esa 5 ta davlatda chop etilgan.
Hozirda u yana bir xorijiy tilni o‘rganmoqda, badiiy adabiyot mutolaa qiladi, sog‘lom turmush tarziga amal qiladi va o‘z bilimlarini tengdoshlari bilan bo‘lishishga harakat qilmoqda.
Jasminani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, 5 ta fandan milliy sertifikat olib muddatidan oldin talaba bo‘lgan buxorolik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edik.
