Tibbiyot sohasida chet ellik talabalarni tayyorlash bo‘yicha Oʻzbekiston yetakchi o‘rinlarni egalladi

Tibbiyot sohasida chet ellik talabalarni tayyorlash bo‘yicha Oʻzbekiston yetakchi o‘rinlarni egalladi

Foreign Medical Graduate Examination (FMGE)ning 2025-yil natijalariga ko‘ra, Oʻzbekiston tibbiyot sohasida xorijiy talabalarni tayyorlash bo‘yicha dunyoda toʻrtinchi, MDH va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari oʻrtasida birinchi oʻrinni oldi.

 

Hindistonning Tibbiyot fanlari milliy imtihonlar kengashi (NBEMS) tomonidan Hindistonning tibbiyot sohasidagi eng muhim litsenziyalash imtihonlaridan biri hisoblangan Foreign Medical Graduate Examination (FMGE)ning 2025-yil natijalari eʼlon qilindi.

 

Unga koʻra, tibbiyot sohasi boʻyicha chet ellik talabalarni tayyorlaydigan davlatlar orasida Oʻzbekiston 40,37 foizlik muvaffaqiyat koʻrsatkichi bilan dunyoda toʻrtinchi, MDH va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari oʻrtasida birinchi oʻrinni egalladi. Hindiston fuqarolari tibbiy diplom olgan xorijiy mamlakatlar orasida Oʻzbekiston yetakchilikni qoʻlga kiritdi.

 

FMGE oʻzi nima?

 

FMGE — bu Hindiston fuqarolari xorijiy davlatlarda tibbiyot boʻyicha oliy maʼlumot olgach, oʻz yurtida shifokor sifatida ishlash huquqini qoʻlga kiritish uchun topshiradigan davlat imtihoni.

 

Masalan, Hindistonlik talaba Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy yoki boshqa davlatda tibbiyot sohasida tahsil olsa, diplomni olganidan keyin Hindistonga qaytib ishlash uchun mazkur imtihondan oʻtishi shart. Imtihondan oʻta olmagan bitiruvchi shifokorlik faoliyati bilan shugʻullana olmaydi.

 

Shu sababli FMGE natijalari muayyan universitet yoki mamlakatdagi tibbiy taʼlim sifati haqida muhim tasavvur beradi. Qaysi mamlakat bitiruvchilari imtihondan koʻproq oʻtayotgan boʻlsa, oʻsha yerdagi taʼlim sifati ham yuqori deb baholanadi.

 

FMGE–2025 natijalarida MDH hamda Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari tibbiyot oligohlari oʻrtasida Oʻzbekiston  eng yuqori natija – 40,37 foizlik koʻrsatkichni qayd etdi. Bu raqam har ikki nafar bitiruvchidan qariyb biri Hindistonning murakkab litsenziyalash imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtganini anglatadi.

 

Oʻzbekiston uchun bu qanday imkoniyatlar yaratadi?

 

Xorijiy talabalarni jalb qilayotgan mamlakatlar nafaqat taʼlim xizmatlari eksportini rivojlantirmoqda, balki oʻzlarining xalqaro nufuzini ham oshirmoqda.

 

FMGE natijalari Oʻzbekistonning taʼlim brendini mustahkamlash uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi. Birinchidan, O‘zbekistondagi tibbiyot universitetlariga boʻlgan ishonch ortadi. Ikkinchidan, xorijiy talabalar soni koʻpayishi mumkin. Uchinchidan, universitetlarning xalqaro reytinglardagi pozitsiyalarini yaxshilash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Toʻrtinchidan, tibbiyot taʼlimi sohasida xalqaro hamkorlik yanada kengayadi.

 

Avvalroq, 2026-yil 25-mart kuni fanlar bo‘yicha xalqaro reyting – “QS World University Rankings by Subject – 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta oliygohi dunyoning top-1000 universitetlari ro‘yxatidan joy olgani haqida xabar bergan edik.