70 yoshdan keyin ham ta’lim: Rossiyada pensionerlar ingliz va xitoy tilini o‘rganmoqda

70 yoshdan keyin ham ta’lim: Rossiyada pensionerlar ingliz va xitoy tilini o‘rganmoqda

Katta yoshda xorijiy til o‘rganish aqlning charxligini va xotiraning mustahkamligini saqlab qolishning tan olingan usullaridan biri hisoblanadi. Rossiyada pensionerlar uchun mo‘ljallangan maxsus uyda bir vaqtning o‘zida ikki tilni o‘rganmoqda.

 

Rossiyadagi Chita shahrida joylashgan “Mehr-shafqat” markazi qoshidagi urush va mehnat faxriylari uchun mo‘ljallangan maxsus uyda istiqomat qilayotgan pensionerlar hozirda bir vaqtning o‘zida ikki tilni o‘rganmoqda.

 

Qayd etilishicha, ingliz tili mashg‘ulotlari haftasiga ikki marta tashkil etiladi. Unda 102 nafar pensioner talaffuz ustida ishlaydi, matnlarni tarjima qiladi va gap tuzishni mashq qiladi.

 

Xitoy tili mashg‘ulotlarida esa faol 15 nafar pensioner nafaqat murakkab tonli talaffuzni o‘rganmoqda, balki ieroglif yozish, xattotlik mashqlari bilan shug‘ullanmoqda. Bundan tashqari, ular xitoy choy marosimi an’analari bilan tanishib, sigun gimnastikasi mashqlarini ham bajarishmoqda.

 

Markaz tinglovchilaridan biri o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan:

 

Ingliz tilidan keyin xitoy tilini o‘rganish men uchun yangi va qiziqarli bosqich bo‘ldi. Bundan juda xursandman. Bu menga zavq bag‘ishlaydi, dunyoqarashimni kengaytiradi. Eng muhimi, mashg‘ulotlar yangi insonlar bilan tanishish va muloqot qilish imkonini bermoqda, — dedi u.

 

Mashg‘ulotlarni Zabaykalye davlat universitetining tarix-filologiya fakulteti talabalari olib bormoqda.

 

Ijtimoiy va demografik siyosat vaziri o‘rinbosari Tatyana Sarayevaning ta’kidlashicha, xitoy tilini o‘qitish “Faol uzoq umr” dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, u “Oila” milliy loyihasi tarkibidagi “Keksalar avlodi” federal loyihasining bir qismi hisoblanadi.

 

Bundan tashqari, bu yil pensionerlar kiberfiribgarliklarning oldini olishga qaratilgan maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida ham qatnashmoqda.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda “Oila” milliy loyihasi doirasida 102 nafar pensioner ta’lim dasturlaridan o‘tgan. Ular kompyuter va moliyaviy savodxonlik, shuningdek, ingliz tilini o‘rgangan.