Meksikada o‘qituvchilar Jahon chempionati oldidan norozilik namoyishlarini o‘tkazishmoqda

Meksikada o‘qituvchilar Jahon chempionati oldidan norozilik namoyishlarini o‘tkazishmoqda

Meksikada Jahon chempionati arafasida o‘qituvchilar ommaviy norozilik namoyishlarini o‘tkazmoqda. Ular mehnat sharoitlarini yaxshilash, maoshlarni oshirish hamda ish stajiga asoslangan avvalgi pensiya tizimini qayta tiklashni talab qilmoqda.

 

Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Meksika poytaxti Mexiko shahrida Jahon chempionati boshlanishiga bir necha kun qolganda o‘qituvchilar, nafaqadagi sudyalar va boshqa guruhlar tomonidan o‘tkazilayotgan namoyishlar natijasida ayrim asosiy ko‘chalar yopilgan. Bu esa shahar yo‘llarida tirbandliklar va harakatlanishda qiyinchiliklarga sabab bo‘lmoqda.

 

O‘qituvchilar kasaba uyushmasining ayrim vakillari hukumatdan ish haqlarini oshirish hamda pensiya tizimiga oid 2007-yilda qabul qilingan islohotni bekor qilishni talab qilmoqda. Ular bu noroziliklar turnir bilan bog‘liq emasligini, ammo hukumat talablarini bajarmasa, norozilik namoyishlari Jahon chempionati vaqtida ham davom etishi mumkinligini bildirishgan.

 

“Amaldagi hukumat saylovoldi va’dalar bergan edi. Avvalgi prezident ham, hozirgi prezident ham o‘qituvchilarga berilgan va’daga ko‘ra 2007-yilda qabul qilingan islohotni bekor qilishni aytishgan edi. Ammo bu amalga oshmadi”, — deydi 40 yillik tajribaga ega maktab o‘qituvchisi Rodrigo Arias.

 

Meksika prezidenti Claudia Sheinbaum esa matbuot anjumanida qarama-qarshiliklarni kuchaytiradigan harakatlarga berilmasligini va namoyishlarga qarshi keskin choralar ko‘rish buyrug‘ini bermasligini aytgan.

 

Norozilik namoyishlari Mexiko shahrining eng yirik ko‘chalari Insurgentes va Paseo de la Reformada bo‘lib o‘tmoqda. Boshqa joylarda ham yo‘llar to‘silib, tirbandliklar yuzaga kelgan.

 

Rasmiylar esa bir tomondan fuqarolarning tinch namoyish huquqi hurmat qilinishini, ikkinchi tomondan esa Jahon chempionati o‘yinlari muammosiz o‘tishi uchun zarur choralar ko‘rilayotganini bildirgan.