Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining yangi qaroriga ko’ra, milliy va xalqaro tan olinadigan sertifikatlar uchun imtiyozlar berish bo’yicha o’zgartirish hamda qoʻshimchalar kiritildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori 2026-yil 2-iyun kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur qaror ilovasiga ko‘ra, 2026-yil 21-yanvar sanasiga qadar 120 ballik tizim asosida olingan, ushbu sanadan keyin 6 (120) ballik tizim asosida olingan (olinadigan) Test of English as a Foreign Language – TOEFL iBT xalqaro sertifikati uchun uning amal qilish muddati tugagunga qadar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga oʻqishga kirish, ishga qabul qilish hamda ustamalar belgilash boʻyicha imtiyozlar qoʻllaniladi.
Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar nizomining 3-bob 4-kichik bandi ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirlandi:
“umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga Teaching Knowledge Test (TKT), Teaching English for Speakers of Other Languages (TESOL), Teaching English as a Foreign Language (TEFL), Teaching English as a Second Language (TESL) sertifikatlari Common European Framework of Reference (CEFR) tizimining B2 yoki undan yuqori darajasidagi sertifikat bilan birgalikda qabul qilinadi hamda ularga ustama belgilangan tartibda to‘lanadi, bunda ustama to‘lash muddati Common European Framework of Reference (CEFR) tizimidagi B2 yoki undan yuqori darajadagi sertifikatning amal qilish muddatiga bog‘liq bo‘lmaydi, balki Teaching Knowledge Test (TKT), Teaching English for Speakers of Other Languages (TESOL), Teaching English as a Foreign Language (TEFL), Teaching English as a Second Language (TESL) sertifikatlarining amal qilish muddati asosida belgilanadi.”
Jumladan, Teaching Knowledge Test (TKT) xalqaro sertifikati uchun ustama belgilanishida barcha (3 ta) modullardan oxirgi topshirilgan modulning sanasi asos sifatida hisobga olinadi.
Bundan tashqari, kasbiy taʼlim tashkilotlarining pedagoglari xorijiy tilda maxsus fanlarni oʻqitganligi uchun ularning lavozim maoshiga nisbatan milliy va xalqaro tan olingan B2 sertifikati uchun 50 foiz, C1 sertifikati uchun 100 foiz miqdorda har oylik ustamalar beriladi.
2026-yil 3-iyun sanasiga qadar 700 ballik tizim asosida olingan Scholastic Assessment Test (Digital SAT) sertifikati bo‘yicha ustamalar belgilash yuzasidan imtiyozlar uning amal qilish muddati tugagunga qadar qoʻllaniladi.
Shuningdek, 2026-yil 3-iyun sanasiga qadar olingan Astrum Certified IT Educator milliy sertifikati uchun uning amal qilish muddati tugagunga qadar (muddati cheklanmagan (belgilanmagan) sertifikatlar uchun sertifikat olingan kundan boshlab uch yildan koʻp boʻlmagan vaqt mobaynida) umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasbiy ta’lim muassasalarida ustamalar belgilash boʻyicha imtiyozlar qoʻllaniladi. Bunda, 2026-yil 3-iyun sanasidan keyin olingan yuqoridagi sertifikat uchun ustamalar belgilash boʻyicha imtiyozlar qoʻllanilmaydi.
