Samarqand viloyatida 10-sinf bitiruvchisi Normaxmadov Shaxzodjon Sherzodovich 5 ta fandan milliy sertifikatlarni olib, muddatidan avval 189 ballni to‘pladi.
Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi 11-maktabning 10-sinf bitiruvchisi Normaxmadov Shaxzodjon Sherzodovich milliy sertifikat tizimida katta natijaga erishdi. U kimyo va biologiya fanlaridan A, tarix fanidan B+, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B+, matematika fanidan esa B darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritib, oliy ta’limga kirish uchun zarur bo‘lgan 189 ballni muddatidan oldin jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Kelajakda u tibbiyot yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
“Sertifikat olish g‘oyasi ommalashgan paytda paydo bo‘lgandi”
O‘quvchining aytishicha, milliy sertifikat olish haqidagi fikr unda qariyb ikki yil avval paydo bo‘lgan.
Sertifikat olish g‘oyasi menda iyun oylarida paydo bo‘lgandi. O‘sha paytda sertifikat tizimi ancha mashhur bo‘lib borayotgan edi, — deydi u.
Shundan so‘ng, u o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, o‘ziga kerakli bo‘lgan fanlar bo‘yicha tayyorgarlikni boshlab yuborgan.
U umumiy hisobda 5 ta sertifikatni 1 yil 8 oy ichida qo‘lga kiritgan.
Shaxzod biologiya faniga 1 yil 4 oy, kimyo faniga 1 yil 6 oy vaqt sarflagan bo‘lsa, o‘zbek tili va adabiyot hamda matematika fanlari uchun 2 oy, tarix fani uchun esa bir yarim oy tayyorgarlik ko‘rgan.
“Darslik, qo‘llanma va testlar eng katta yordamchim bo‘ldi”
Muvaffaqiyatga erishishda o‘quvchining asosiy quroli muntazam mehnat va takrorlash bo‘lgan.
Tayyorgarlik vaqtida darslik va qo‘llanmalardan foydalanganman. Bilimlarimni mustahkamlash uchun esa testlarni juda ko‘p ishlardim, — deydi u.
Shuningdek, o‘qigan mavzularini yanada yaxshiroq eslab qolish uchun konspektlar tayyorlab borgan.
“Qishloqdan shaharga qatnardim, uyqudan ham kechishga to‘g‘ri kelgan”
Maqsad qanchalik yuqori bo‘lsa unga erishish uchun shunday darajada qiyinchiliklarni ham yengishga to‘g‘ri keladi.
Shaxzodning ta’kidlashicha, har kuni qishloqdan shaharga qatnashi sababli yo‘lning o‘ziga ikki soatdan ortiq vaqt sarflagan.
Hammada bo‘lgani kabi menda ham uyqumni vaqtini qisqartirishga to‘g‘ri kelgan. Sababi qishloqdan shaharga har kuni qatnardim, yo‘lni o‘ziga kelib ketish uchun 2 soatdan ziyod vaqt ketardi. Darsga vaqt ajratish uchun odatda 4 soat 3 soat uxlardim, — deydi u.
“99 foiz holatda o‘zimni xursand yurishga odatlantirganman”
Ko‘plab abituriyentlar tayyorgarlik davrida ruhiy bosimga duch keladi. Ushbu o‘quvchi esa motivatsiyani saqlab qolishning o‘ziga xos usulini topgan.
Eng katta yutug‘im shuki, har doim o‘zimni xursand qilib yurardim. 99 foiz holatda faqat xursand yuraman, — deydi u.
Uning fikricha, yaxshi kayfiyat va ijobiy fikrlash uzoq muddatli maqsadlarga erishishda muhim omillardan biri hisoblanadi.
Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kerak. Ayrim hollarda ziyofat, to‘y va marakalarga kamroq borishga to‘g‘ri keladi, chunki time management buziladi, — deydi u.
Shuningdek, u tayyorgarlik davrida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni ham cheklagan.
Telefondan foydalanganman, ammo Instagram va Facebook kabi tarmoqlardan foydalanmaganman, — deydi Shaxzodjon.
Bugungi kunda Shaxzod ingliz tilini mukammal o‘rganish va IELTS sertifikatini qo‘lga kiritishni rejalashtirmoqda.
Shaxzodjonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Buxoroda texnikum o‘quvchisi 6 oy ichida 4 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
