Buxoroda texnikum o‘quvchisi 6 oy ichida 4 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi

Buxoroda texnikum o‘quvchisi 6 oy ichida 4 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi

Buxoro viloyati Jondor tumanidagi 1-sonli texnikumning 14–25-guruh o‘quvchisi Nizomova Nastarin qisqa vaqt ichida katta natijalarga erishdi. Eng qizig‘i, u 6 oy ichida 4 ta fan bo‘yicha sertifikatni qo‘lga kiritgan.

 

Buxoro viloyati Jondor tumanidagi 1-sonli texnikumning 14–25-guruh o‘quvchisi Nizomova Nastarin 6 oy ichida mazkur fanlardan sertifikatlar olgan: kimyo fanidan — A, ona tilidan — B, matematika va tarix fanlaridan esa B darajani qo‘lga kiritdi. Ayni paytda, u sentyabr oyida o‘tkaziladigan biologiya fanidan milliy sertifikat imtihoniga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda.

 

Nastarin kelajakda Toshkent davlat tibbiyot institutiga hujjat topshirishni maqsad qilgan. Uning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi 9-sinf davrida paydo bo‘lgan va bu yo‘ldagi tayyorgarlik oson kechmagan. Biroq ustozlarining ishonchi hamda sertifikat olgan tengdoshlariga bo‘lgan havas unda bilim olishga yanada kuchli motivatsiya uyg‘otgan.

 

Tayyorgarlik jarayoni har bir fan uchun turlicha bo‘ldi: matematikaga 20 kun, ona tiliga 7 kun, kimyoga esa 6 oy vaqt sarfladim, — deydi u.

 

U asosan darsliklar, test va masala to‘plamlaridan foydalangan holda mustaqil ishlashni afzal ko‘rgan.

 

O‘quvchining ta’kidlashicha, o‘z bilimini mustahkamlashda muntazam takrorlash muhim rol o‘ynagan. U testlarning qiyinlik darajasi o‘rtacha bo‘lganini, ammo baribir puxta tayyorgarlik talab etganini qayd etadi.

 

Uning aytishicha, darsdan so‘ng tayyorlov o‘quv markazlariga qatnab, kechgacha o‘qigan, ba’zan esa ertalabgacha dars tayyorlash holatlari ham bo‘lgan.

 

Tayyorlov jarayonida ba’zan natijalarimdan qoniqmay tushkunlikka tushgan paytlarim ham bo‘lgan. Bunday vaziyatda oilamning ishonchi menga juda katta yordam berdi, — deydi u.

 

Nastarinning fikricha, imtihon paytida bir savol ustida ortiqcha vaqt sarflash, boshqa savollarni e’tiborsiz qoldirish eng katta xatolardan biridir. Shuningdek, u telefon chalg‘ituvchi omil ekanini ta’kidlab, shu sababli tugmali telefondan foydalanganini aytadi.

 

Hozirda u biologiya fanidan milliy sertifikat bilan bir qatorda IELTS imtihoniga ham tayyorgarlik ko‘rmoqda.

 

Nastarinni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, muddatidan avval talabalikni naqd qilgan Toshkent shahri Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Muqimova Lola Avazovna bilan suhbatlashgan edik.