“Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi yoʻlga qoʻyiladi

“Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi yoʻlga qoʻyiladi

Prezidentning joriy yil 26-maydagi 98-sonli Farmoniga ko‘ra, PhD ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi “Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi yoʻlga qoʻyiladi.

 

2026-yil 26-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan PF–98-sonli “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.

 

Unga koʻra, ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashda loyihaviy yondashuv joriy etiladi. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi “Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi yoʻlga qoʻyiladi.

 

Dastur doirasida ilmiy loyihalarni amalga oshirishning quyidagi tartibi oʻrnatiladi:

 

  • Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ustuvor ilmiy ixtisosliklar boʻyicha muddati uch yildan koʻp boʻlmagan tadqiqot loyihalari uchun har yili bir marta tanlov eʼlon qilinadi;
  • tadqiqot loyihasida ishtirok etuvchi doktorant loyiha rahbari tomonidan tanlov asosida qabul qilinadi hamda loyiha rahbari bir vaqtning oʻzida doktorantning ilmiy rahbari hisoblanadi;
  • doktorant tadqiqot loyihasi bajarilayotgan tashkilotning izlanuvchisi hisoblanadi va unga tayanch doktorantura uchun belgilangan miqdorda stipendiya toʻlanadi;
  • tadqiqot loyihasi davrida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani himoya qilgan tadqiqotchi loyihasining ilmiy hisoboti ekspertizadan oʻtkazilmaydi;
  • Dastur ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
  • Dastur doirasida tayyorlanadigan doktorantlar soni Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tayanch doktoranturaga har yili ajratiladigan qabul kvotasini shakllantirishda hisobga olinmaydi.