“Pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirildi. Hujjatda ta’lim tizimidagi turli yo‘nalishlar bo‘yicha jami 451 ta pedagogik lavozimdan iborat ro‘yxat keltirilgan.
Muhokamalar portaliga “Pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Loyiha “Pedagog maqomi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Qaror loyihasida oliy ta’lim, kasbiy va o‘rta maxsus ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, maktabgacha ta’lim, ta’lim uslubiyati bo‘yicha professional-mutaxassislar, maxsus ta’lim, ta’limning boshqa bosqich boshlang‘ich guruhiga kiritilmagan professional-mutaxassislar, ta’lim sohasi tarkibiy bo‘linmalari bo‘yicha jami 451 ta pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxati keltirib o‘tilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida fan o‘qituvchilari, undan tashqari direktor va o‘rinbosarlari, maktab maslahatchisi, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari, psixolog pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar sifatida qayd etilganini ko‘rish mumkin.
Lavozimlar ro‘yxati aynan kimlar pedagog hisoblanishini amaliy jihatdan aniq belgilab beradi. Ya’ni qaysi lavozim egalari pedagog maqomiga ega bo‘lishi, kimlarga pedagoglarga oid imtiyoz va kafolatlar tatbiq etilishi, kimning ish staji pedagogik staj sifatida tan olinishi kabi masalalar aynan shu ro‘yxat orqali hal etiladi. Aks holda, turli tashkilot va idoralar “pedagog xodim” tushunchasini turlicha talqin qilishi, bu esa amaliyotda chalkashlik va pedagoglar huquqlariga oid muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Quyida lavozimlar ro’yxati bilan batafsil tanishishingiz mumkin:


















