Sirdaryoda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri kuni haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqargan maktab o‘quvchisi aniqlandi. Holat yuzasidan o‘quvchi va uning ota-onasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Sirdaryo viloyatida maktab o‘quvchisining haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqarib yurgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Yo‘l patrul xizmati inspektorlari tomonidan o‘quvchi hamda uning ota-onasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Transport vositasi esa vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
O‘quvchi 25-may kuni bitiruv tadbiriga otasining mashinasida borganini aytib, qilgan ishidan afsusdaligini bildirgan.
“Haydovchilik guvohnomasisiz mashina boshqarish yomon oqibatlarga olib keladi. Tengdoshlarimga bunday qilmaslikni tavsiya beraman”, — deydi u.
Eslatib o‘tamiz, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari kuni respublika bo‘ylab o‘quvchilarning maktablarga avtomobil boshqarib kelishi bilan bog‘liq 238 ta holat aniqlangani ma’lum qilingan edi.
