Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan qariyb 6,7 mlrd soʻmlik 10 ta tanlov savdolarida qonun talablari buzilgani aniqlangan. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobatni taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida ayrim tanlov savdolarida “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmagani aniqlangan.
Bunda tender jarayonlarida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar kuzatilgan.
Xususan, bu holatlar Yoshlar ishlari agentligining 9,1 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan 6 ta tanlov savdosida aniqlangan.
Shuningdek, Innovatsion rivojlanish agentligining qariyb 8 mlrd soʻmlik 6 ta hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan jami 6,7 mlrd soʻmga yaqin boʻlgan 10 ta davlat xaridida ham shunday qonunbuzilish holatlari qayd etilgan.
Maʼlum qilinishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilishi alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan bajarilishi majburiy koʻrsatmalar berilgan.
Bundan tashqari, buyurtmachi tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari belgilanib, tegishli sud organlariga maʼlumotlar yuborilgan.
