Fransiyada ona va farzandlari maktabga bostirib kirib, oʻquvchilarga qurolli hujum uyushtirdi

Fransiyada ona va farzandlari maktabga bostirib kirib,  oʻquvchilarga qurolli hujum uyushtirdi

Tuluza shahrida ona va ikki farzandi maktabga bostirib kirib, oʻquvchilarga hujum qildi. Hodisa natijasida jabrlanganlar yengil jarohat olgan, gumonlanuvchilarning avtomobilidan turli xil qurollar va zarar yetkazuvchi asboblar topilgan.

 

Fransiyaning Tuluza shahridagi maktablardan birida ona va uning ikki farzandi pichoq bilan bostirib kirib, oʻquvchilarga hujum qilgan. Bu haqda Le Figaro nashri xabar qildi.

 

Dastlabki ma’lumotlarga koʻra, voqea maktab nazoratchisi va oʻquvchilardan biri oʻrtasidagi mojaro natijasida yuzaga kelgan. Oʻsmirning oila aʼzolari uning qoʻngʻirogʻidan soʻng bir necha daqiqa ichida maktabga yetib kelgan va vaziyatni tinchlantirish oʻrniga yanada keskinlashtirgan.

 

Guvohlarning aytishicha, ona vaziyatni tinchlantirish oʻrniga mojaroning kuchayishiga sabab boʻlgan. Shundan soʻng uch kishi maktab hududiga kirib, nazoratchi hamda ikki nafar voyaga yetmagan qizga hujum qilgan. Politsiya gumonlanuvchilarning avtomobilidan bir nechta pichoq, qassob pichogʻi, koʻzdan yosh oqizuvchi gaz ballonchasi va soxta toʻpponcha topgan. Huquq-tartibot organlari zudlik bilan choralar koʻrib, gumonlanuvchilarni qoʻlga olgan.

 

Tuluza prokuraturasi ushbu holat boʻyicha qotillikka urinish moddasida tergov harakatlari boshlanganini ma’lum qilgan. Rasmiy ma’lumotlarga koʻra, jabrlanganlar yengil tan jarohatlari olgan, biroq voqea maktab xodimlari va oʻquvchilarga jiddiy psixologik taʼsir koʻrsatgan.

 

Hodisadan soʻng oʻquvchilar uylariga yuborilgan. Tuluza taʼlim boshqarmasi barcha xizmatlarni xavfsizlikni taʼminlash maqsadida safarbar qilganini bildirgan. Shu bilan birga, maktabda psixologik yordam markazi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.