Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahridagi 38-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida ruxsatnomasiz daraxt kesilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ekologiya bosh boshqarmasi va maktabgacha taʼlim boshqarmasi tomonidan oʻrganilgan holat natijasida, muassasa direktoriga 20.6 million soʻm miqdorida jarima solindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Olmaliq shahridagi bogʻchada daraxt kesilmoqda” mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur vaziyat ekopolitsiya xodimlari va viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi bilan birgalikda oʻrganilgan.
Oʻrganish davomida Olmaliq shahar 38-maktabgacha taʼlim muassasasi hududida hech qanday ruxsatnomasiz 30 tupga yaqin terak daraxtlarini kesib tashlaganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan maktabgacha taʼlim muassasa direktoriga nisbatan MJtKning 79-modda 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima qoʻllanilgan.
Shunga koʻra, taʼlim muassasa direktori terak daraxtlarini ruxsatnomasiz kesganligi uchun 20.600.000 soʻm jarima toʻlaydigan boʻldi.
“Hurmatli fuqarolar, daraxt va butalarni ruxsatnomasiz kesish qatʼiyan taqiqlanishini unutmang. Bunday xatti-harakatlar uchun qonun oldida javob berishingizni aslo unutmang” — deydi rasmiylar.
Avvalroq, bogʻcha va maktablarning boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bogʻ tashkil etishga ruxsat berilgani haqida xabar bergan edik.
