Navoiy viloyatining Nurota tumanida oilaviy bog‘cha tarbiyalanuvchilari ishtirokida og‘ir YTH sodir bo‘ldi. 13 nafar bolani Matiz avtomobilida bog‘chaga olib ketayotgan ayol boshqaruvni yo‘qotib, halokatga uchradi. Oqibatda haydovchi vafot etdi, bolalardan biri koma holatiga tushgan.
Navoiy viloyatining Nurota tumanida bog‘cha tarbiyalanuvchilari bilan bog‘liq og‘ir yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan 34 yoshli ayol 13 nafar bolani hamda 3 oylik chaqalog‘ini Matiz avtomobilida bog‘chaga olib ketayotgan vaqtida avtohalokatga uchragan.
Kun.uz nashrining xabar qilishicha, hodisa 5-may kuni ertalab sodir bo‘lgan. Ayol boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtomobil yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan. YTH natijasida haydovchi ayol voqea joyida halok bo‘lgan. Bolalar turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Hozirda ulardan biri koma holatida ekani, yana 8 nafari viloyat markazidagi shifoxonaga yotqizilgani aytilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ayol va uning turmush o‘rtog‘i uzoq yillardan beri haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqarib kelgan. Bog‘cha tarbiyalanuvchilari ham muntazam ravishda shu tarzda tashib yurilgan. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
