O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi 5-may kuni deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
“Milliy tiklanish” partiyasi fraksiya yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, ushbu qonun loyihasida ishlayotgan erkaklar farzandli bo‘lganda turmush o‘rtog‘iga yordam berish va boshqa farzandlariga qarab turishi uchun qisqa muddatli taʼtil berish belgilanmoqda. Loyiha bilan amaldagi qonunchilikka bu bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti.
Shuningdek, 5-mayda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasida mehnat bozorida norasmiy bandlikni kamaytirish maqsadida fuqarolarni mehnat shartnomasisiz ishga qabul qilish, bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha maʼlumotlar taqdim etmaganlik, ish haqini vaqtida to‘lamaganlik uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda. Ya’ni ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilmoqda.
Qonun loyihasida mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda. Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, fuqaroni ishga qabul qilishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar esa harbiy guvohnoma yoxud harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma taqdim etishi lozim.
Ishga kirishda elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma berish bekor qilinmoqda. Shuningdek, elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtirilmoqda.
Bundan tashqari, mehnat jarayonida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga doir normalar ham o‘z aksini topgan. Jumladan, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish choralari belgilanmoqda.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Avvalroq, ishga kiruvchilar 086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani my.gov.uz portali orqali onlayn yuklab olishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
