“El-yurt umidi” stipendiya tanlovining 1-bosqich natijalari e’lon qilindi

“El-yurt umidi” stipendiya tanlovining 1-bosqich natijalari e’lon qilindi

“El-yurt umidi” jamg‘armasining 2026-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovi doirasida 1-bosqich saralash jarayonlari yakunlanib, natijalar e’lon qilindi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, 1-ochiq stipendiya tanlovi doirasida 2026-yil 3-apreldan 24-aprelgacha nomzodlarning hujjatlari jamgʻarmaning 24/7 rejimida onlayn platforma orqali yagona tartib va teng imkoniyatlar asosida qabul qilingan.

 

1-bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar roʻyxati bilan quyidagi HAVOLA orqali tanishishingiz mumkin.

 

Tanlovning 2-bosqichiga tavsiya etilgan nomzodlar uchun eslatma:

 

— ish yoki oʻqish maqsadida xorijda boʻlib turgan nomzodlardan tanlovning 2-bosqichi — test jarayonlarida ONLAYN ishtirok etadi. Buning uchun Jamgʻarmaning onlayn platformasida xorijdaligini tasdiqlovchi hujjatni yuklagan holda onlayn ishtirok shaklini tanlashi talab etiladi;

 

— Oʻzbekistondagi nomzodlar esa test sinovlarida OFLAYN shaklda ishtirok etishingiz lozim.

 

Test shaklini Jamgʻarmaning onlayn platformasida 2026-yil 5-may soat 14:00 ga qadar tanlashi soʻraladi. Test shaklini tanlamagan nomzodlar avtomatik ravishda OFLAYN shaklda ishtirok etishadi.

 

Onlayn testda ishtirok etish istagini bildirgan xorijdagi nomzodlarga ruxsat berish masalasi Tanlov komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.

 

Stipendiya tanlovining ikkinchi bosqich — test sinovlari oʻtkaziladigan sana va joyi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda yaqin kunlarda eʼlon qilinishi ma’lum qilindi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “El-yurt umidi” stipendiya tanlovining shartlari, talablar va imkoniyatlari haqida batafsil xabar bergan edik. Mazkur havola orqali jarayonga oid barcha muhim ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.