O‘quvchilar davomati “aqlli” kameralar orqali nazorat qilinadimi? MMTV izoh berdi

O‘quvchilar davomati “aqlli” kameralar orqali nazorat qilinadimi? MMTV izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻquvchilar davomatini “aqlli” kameralar orqali aniqlash joriy etilgani haqidagi xabarlar muhokamalarga sabab boʻldi. MMTV bu borada rasmiy munosabat bildirib, davomat hozirda “e-maktab” orqali yuritilayotgani, kameralar esa ayrim maktablarda sinov tariqasida qoʻllanilayotganini maʼlum qildi.

 

Maktab oʻquvchilari davomatini “aqlli” kameralar orqali aniqlash boʻyicha ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan xabarlar koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

 

Holat yuzasidan MMTV rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum qilinishicha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining 2025-yil 18-sentyabrdagi qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan tegishli Nizom talablariga koʻra, maktab oʻquvchilarining davomati sinf miqyosida fan oʻqituvchilari va sinf rahbarlari tomonidan “e-maktab” platformasi orqali har kuni belgilab boriladi.

 

Nizomga asosan maktabda faoliyat yurituvchi inspektor-psixolog tomonidan sababsiz dars qoldiruvchi oʻquvchilarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga dastlab oʻrnatilgan tartibda rasmiy ogohlantirish xati yuboriladi.

 

Bunda ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslardan oʻquvchining maktabga taʼlim olishi uchun muntazam borishini taʼminlash soʻraladi hamda mazkur qonuniy talabni bajarmaslik ularga nisbatan tegishli qonuniy javobgarlik belgilanishiga sabab boʻlishi haqida ogohlantiriladi.

 

Shuningdek, oʻquvchilarning muntazam ravishda darslarga qatnashmaslik holatlari aniqlanganda, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasiga koʻra, tegishli javobgarlikka tortish chorasi koʻriladi.

 

“Aytish lozimki, ayni vaqtda poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi ayrim maktablarga sinov tariqasida oʻrnatilayotgan “aqlli” kameralar mazkur jarayonlarni yanada samarali tashkil etishda maktab maʼmuriyatiga katta koʻmak berishi, tabiiy. Bu esa nafaqat, maktab jamoasi, balki ota onalarning ham oʻz farzandlarini taʼlim olishi va darslarga qatnashishini onlayn nazorat qilish, shuningdek, ularning xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi” — deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasidan ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda, xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsabazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi taʼkidlangan.