TDYU litseylarida sertifikatga ega o‘quvchilarga yakuniy attestatsiyada maksimal ball berilishi mumkin

TDYU litseylarida sertifikatga ega o‘quvchilarga yakuniy attestatsiyada maksimal ball berilishi mumkin

Muhokamalar portaliga joylangan loyihaga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, ayrim sertifikatga ega o‘quvchilar tegishli fandan attestatsiya topshirmaydi va ularga maksimal ball beriladi.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra yakuniy davlat attestatsiyasiga o‘quv rejasi va dasturlarini to‘liq bajargan, barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar qo‘yiladi. Attestatsiya fanlari ro‘yxati va ularni o‘tkazish shakllari TDYU Kengashi tomonidan belgilanadi.

 

Loyihaga ko‘ra, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘quvchilar tegishli fandan attestatsiyadan ozod etilib, ularga maksimal ball berilishi taklif etilmoqda.

 

Shuningdek, attestatsiya va apellyatsiya jarayonlariga TDYU bilan birga boshqa oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilarini ham jalb etish ko‘zda tutilgan.

 

Bundan tashqari amaldagi tartibga ko‘ra, attestatsiyada qatnashmagan yoki “qoniqarsiz” baho olgan o‘quvchi o‘qish muddati tugaganidan so‘ng 3 yil ichida tegishli sinovni qayta topshirishi mumkin. Agar bu muddat ichida ham attestatsiyadan o‘ta olmasa yoki qayta topshirish uchun murojaat qilmasa, unga akademik ma’lumotnoma beriladi.

 

Loyihada esa bunday o‘quvchilarga qo‘shimcha imkoniyat berilishi nazarda tutilgan. Ya’ni ular umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini mustaqil o‘zlashtirgan holda eksternat tartibida yakuniy attestatsiyani topshirishi mumkin bo‘ladi.

 

Eksternat tartibida attestatsiyani muvaffaqiyatli topshirganlarga belgilangan tartibda davlat namunasidagi o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma beriladi.

 

Shuningdek, avvalroq Toshkent davlat yuridik universitetiga ushbu universitet huzuridagi akademik litseylar, yuridik texnikumlar bitiruvchilari hamda oliy ma’lumotga ega shaxslar uchun tanlov asosida kirish mumkin bo‘lgan uch yillik maxsus bakalavr dasturi joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.