Toshkent shahridagi kasbiy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ilm-fan, kasb-hunar va ijodkorlikka boʻlgan intilishlarini ragʻbatlantirish maqsadida “Boshqarma boshligʻi stipendiyasi” joriy etildi.
Tanlovda Toshkent shahridagi kasbiy taʼlim muassasalarining (kollej va texnikumlar) kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilari ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov ishtirokchilaridan quyidagi hujjatlar talab etiladi:
– pasport nusxasi hamda 2 tadan 3×4 va 10×15 oʻlchamlaridagi fotosurat;
– baholash qaydnomasi (taʼlim muassasa direktori tomonidan tasdiqlangan) nusxasi;
– Xalqaro, respublika va Toshkent shahar miqyosidagi tanlovlarda erishgan
yutuqlarini asoslovchi hujjatlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi.
Barcha hujjatlar ikki nusxada taqdim qilinadi. Hujjatlarning har bir toʻplami jildga joylanadi, har bir jild muqovasida ishni taqdim qilgan muassasaning nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, ishning nomi koʻrsatiladi.
Tanlovning 1-bosqichda hujjatlar har yili 25-30-aprel kunlari qabul qilinadi. Bunda, tanlovni oʻtkazish uchun taʼlim muassasasi direktorining buyrugʻi bilan maxsus komissiya tuzilib, tanlov haqida taʼlim muassasasida eʼlon beriladi.
Taʼlim muassasasi bosqichi har yili 15-may kuniga qadar davom etadi. 20-may kuniga qadar gʻolib oʻquvchilar hujjatlari Toshkent kasbiy taʼlim boshqarmasi komissiyasiga taqdim etiladi.
Tanlovning 2-bosqichi 25-30-may kunlari boʻlib oʻtadi. Bu bosqichda birinchi bosqichdan oʻtgan talabgorlarning hujjatlari mutaxassislar tomonidan koʻrib chiqiladi va jami akademik litseylardan 1 nafar, kasbiy taʼlim muassasalaridan 2 nafar (1 nafar politexnikumdan 1 nafar texnikumdan) tanlov gʻoliblarini aniqlanadi.
Tanlov ishtirokchilarining iqtidori quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:
– fan olimpiadalari va turli tanlovlardagi ishtiroki;
– xorijiy tillarini bilishi;
– Oʻzbekiston tarixini bilishi;
– axborot texnologiyalaridan savodxonligi;
– yoʻnalishlar boʻyicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
– oʻquvchining xulq-atvori va taʼlim muassasadagi maʼnaviy va maʼrifiy
tadbirlardagi ishtiroki;
– maxsus komissiya suhbati;
Gʻoliblar nomzodlarning iqtidorini koʻrsatuvchi hujjatlarni oʻrganish va suhbat orqali bilan tanlanadi. Iqtidor yoʻnalishi boʻyicha ijodiy imtihon oʻtkazilishi ham mumkin. Talabgorlar umumiy 100 ballik tizim bilan baholanadi.
Gʻoliblarni taqdirlash marosimi 2025-yilning 10-avgustgacha amalga oshiriladi va ularga bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari (4 120 000 soʻm) miqdorida bir marotaba ragʻbatlantirish mukofot puli beriladi.
