Yosh ijodkorlar uchun BHMning 200 baravarida pul to‘lanadigan Prezident mukofoti joriy etiladi

Yosh ijodkorlar uchun BHMning 200 baravarida pul to‘lanadigan Prezident mukofoti joriy etiladi

Prezidentning 66-son Farmoniga koʻra, 2027-yildan har ikki yilda bir marta 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni arafasida “Avlodlar muloqoti” xalqaro yoshlar kongressi oʻtkaziladi. Shu bilan birga, joriy yildan “Ilgʻor ijodkor” Prezident mukofoti joriy qilinadi.

 

2026-yil 20-aprelda Prezidentning ““Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–66-son Farmoni qabul qilindi.

 

Unga ko‘ra, 2026-yildan har yili sentyabr oyida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida milliy urf-odatlarga tayanib, yuksak madaniy-estetik meʼyorlar hamda xavfsizlikni taʼminlagan holda “Yoshlik – hayotning baxtli va oltin davri” shiori asosida umummilliy yoshlar festivalini oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyiladi.

 

2026-yildan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Ilgʻor ijodkor” Prezident mukofoti joriy etiladi. Unga koʻra:

 

– sheʼriyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yoʻnalishlari boʻyicha eng yaxshi yozuvchi va shoirlar mukofotlanadi;

 

– har bir yoʻnalish boʻyicha gʻoliblar BHMning 200 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

 

2026-yildan hududlarda taʼlim muassasasi, sport obyektlari, yoshlar va madaniyat markazi, kutubxona, kinoteatr, konsert-tomosha zali, koʻngilochar saylgoh va bogʻlardan iborat yoshlarga moʻljallangan infratuzilma obyektlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha minimal standartlar joriy etiladi.

 

2026–2027-yillarda har bir hududda 1 tadan turizm, gastronomik, yoshlar sayilgohi va savdo-servisga ixtisoslashgan maxsus xizmat koʻrsatuvchi koʻchalarda kutubxona, “book cafe”, kitob doʻkonlari joylashtiriladi.

 

Kitob sotuvini oyiga 10 mingdan oshirgan tadbirkorlarga 1 mlrd soʻmgacha Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan uch yilgacha muddatga ssuda ajratish choralari koʻriladi.

 

Avvalroq, mazkur Farmonga muvofiq xususiy o‘quv markazlarning eng yaxshi o‘qituvchilari xorijda stajirovka o‘tashi haqida xabar bergan edik.