Prezidentga taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, oliy ta’lim tizimida rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash ko‘lami kengaytiriladi: qator OTMlarda yangi harbiy tayyorgarlik markazlari ochiladi, 3 yillik maxsus bakalavriat yo‘lga qo‘yiladi, zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha zaxira ofitserlar tayyorlanadi va bu imkoniyat xususiy universitet talabalari uchun ham tatbiq etiladi.
O‘zbekistonda rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, harbiy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish hamda 9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik masalalari yuzasidan axborot berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 9-may bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 30 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti to‘lanadi.
Mudofaa vazirligi ofitserlariga xizmat yillari uchun ustama miqdori 2 baravarga, kontrakt bo‘yicha oddiy askar va serjantlar maoshi esa 10 foizga oshiriladi;
Bugungi kunda 4 ta oliy ta’lim va 2 ta oliy harbiy ta’lim muassasasining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlari hamda fakultetlarida 42 ta mutaxassislik bo‘yicha rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlanayotgani aytildi.
Endilikda bu tizimni yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, Urganch davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Andijon davlat universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik o‘quv markazini tashkil etish taklif qilindi.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha ravishda “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha 3 yillik bakalavriat ta’limi asosida rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Endilikda xususiy universitet talabalari ham to‘lov-kontrakt asosida harbiy tayyorgarlikdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Harbiy tibbiyot institutida ilk bor klinik ordinatura va magistraturaga qabul qilingan, shu bilan birga harbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagini bildirgan talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitiladi. Bunday imkoniyat nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ham yaratiladi.
Zaxira ofitserlarini tayyorlashda sun’iy intellekt, dron va robototexnika kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Prezident sohadagi imtiyozlar, maoshlar oshirilishi va 9-may bayrami munosabati bilan beriladigan mukofotlarni ma’qullandi.
