Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga maqsadli davlat granti kvotalarini taqsimlash tartibi tasdiqlandi

Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga maqsadli davlat granti kvotalarini taqsimlash tartibi tasdiqlandi

Xorijiy va nodavlat oliygohlar talabalari uchun davlat grantlari ajratishning yangi tartibi joriy etildi: Qabul parametrlari har yili 1-iyungacha tasdiqlanadi, grant uchun tanlov esa alohida saralash imtihonlari orqali o‘tkaziladi. Eng yuqori ball to‘plaganlar davlat granti asosida o‘qish imkoniga ega bo‘lib, bitiruvdan so‘ng kamida 3 yil davlat ulushi mavjud tashkilotlarda ishlab berish majburiyatini oladi.

 

Prezidentining “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 10-apreldagi PF–58-son Farmoni qabul qilindi.

 

Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga maqsadli davlat granti kvotalarini taqsimlash va moliyalashtirish tartibi tasdiqlandi.

 

Unga ko‘ra:

 

Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga maqsadli davlat granti asosidagi qabul parametrlari har yili 1-iyunga qadar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Davlat granti asosidagi tanlovda ishtirok etishga xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga qabul qilingan talabalarga ruxsat etiladi.

 

Tanlov boʻyicha saralash imtihoni bakalavriat taʼlim yoʻnalishining fanlar majmuasi boʻyicha oʻtkaziladi. Bunda Vazirlik har yili 1-iyulga qadar klassifikatorda mavjud boʻlmagan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining taʼlim sohalariga muvofiqligini belgilaydi hamda fanlar majmuasini eʼlon qiladi.

 

Tanlov boʻyicha saralash imtihonlari har yili sentyabr-oktyabr oylarida oʻtkaziladi.

 

Bunda:

  • test sinovlari – Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan;
  • kasbiy (ijodiy) imtihonlar – Vazirlik tomonidan belgilangan oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladi.

 

Davlat grantlari belgilangan minimal oʻtish bali va undan yuqori ball toʻplaganlarga ballar ketma-ketligida taʼlim sohasi boʻyicha ajratilgan qabul koʻrsatkichlari doirasida taqdim etiladi.

 

Davlat grantini olgan talabalar bilan oʻqishini tamomlagandan soʻng davlat (ulushi boʻlgan) tashkilotlarda uch yil davomida ishlab berish majburiyatini nazarda tutuvchi uch tomonlama shartnomalar rasmiylashtiriladi.

 

Avvalroq, qabul va o‘qishni ko‘chirish natijalarini endi vazirlik tasdiqlashi ma’lum qilingan edi.