Oliy ta’lim tizimini boshqarishda muhim o‘zgarishlar joriy etilmoqda: Prezident farmoniga ko‘ra, abituriyentlarni qabul qilish, kontrakt muddatlarini belgilash va o‘qishni ko‘chirish kabi asosiy vakolatlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga o‘tkazildi.
Prezidentining “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 10-apreldagi PF–58-son Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra:
Taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasining quyidagi vakolatlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga oʻtkaziladi:
— bakalavriat va magistraturaga qabul natijalarini tasdiqlash;
— oʻqishga tavsiya etilgan abituriyentlar uchun kontrakt toʻlovlarini amalga oshirish va ularni talabalikka qabul qilish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirishning soʻnggi muddatini belgilash;
— bir davlat oliygohidan boshqasiga talabalarning oʻqishini koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va oʻqishini koʻchirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tavsiya berish;
—imtiyozga ega abituriyentlarni talabalikka tavsiya qilish;
—xorijiy davlatlar fuqarolari, jumladan, xorijdagi vatandoshlar uchun ajratilgan grant oʻrinlariga talabalikka tavsiya etish.
Bundan faqat Prezident hujjatlari bilan oliy ta’lim tashkilotlariga mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilgan hollar mustasno.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab:
— davlat oliygohlarining rektori (xorijiy oliygoh filialining mahalliy rektori yoki direktori, ijrochi direktori)ni boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik va idora rahbari tavsiyasiga koʻra Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish;
— davlat oliygohining filiali direktorini oliy taʼlim tashkiloti rektorining tavsiyasiga asosan lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish;
— davlat oliygohlari rektorlari (direktorlari)ga intizomiy choralar koʻrish hamda prorektorlarni (direktor oʻrinbosarlarni) lavozimdan ozod etish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
— xorijiy va nodavlat oliygohlar tomonidan beriladigan oʻz namunasidagi diplom va uning ilovasida aks ettirilishi shart boʻlgan maʼlumotlarning minimal talabini belgilash;
— magistratura mutaxassisliklari va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga qabul qilishda talab etiladigan xorijiy til sertifikati darajalarini belgilash.
