Hukumat qaroriga koʻra, 16 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan texnikum oʻquvchilari, yoshlar, talabalar hamda band boʻlmagan aholi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi oʻtkaziladi.
Bu bo‘yicha Hukumatning 2026-yil 8-apreldagi 152-son qarori bilan ‘‘“Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, 16 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan texnikum oʻquvchilari, yoshlar, talabalar hamda band boʻlmagan aholi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi tashkil etiladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar Kasbiy taʼlim agentligi tomonidan har yili 1-martga qadar (shu kuni ham) elektron platforma orqali roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Tanlovda:
- 1-bosqichda – yoshlar, talabalar va band boʻlmagan aholi orasidan har bir kasb kesimida mahallalardan 3 nafardan nomzod;
- 2-bosqichda – texnikum oʻquvchilari hamda tanlovning 1-bosqichida eng yuqori natija koʻrsatgan har bir kasb kesimida 1–3-oʻrin egalari;
- 3-bosqichda – tanlovning 2-bosqichida eng yuqori natija koʻrsatgan har bir kasb kesimida 1–5-oʻrin egalari ishtirok etadi.
Milliy tanlov tegishli kasb boʻyicha moddiy-texnik bazasi mavjud boʻlgan texnikumlarda, ish beruvchi korxona (tashkilot)larda va IT-parklarda hamda moslashtirilgan maxsus poligonlarda boʻlib o‘tadi.
Tanlovning 3-bosqichi gʻoliblari va ularga biriktirilgan amaliyot ustozlari BHMning quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
– 1-oʻrin (oltin medal) sohibiga – 20, amaliyot ustoziga – 100 baravari;
– 2-oʻrin (kumush medal) sohibiga – 15, amaliyot ustoziga – 80 baravari;
– 3-oʻrin (bronza medal) sohibiga – 10, amaliyot ustoziga – 60 baravari.
Tanlovning 3-bosqichi gʻoliblariga “WorldSkills International” tashkilotining “WorldSkills” xalqaro chempionatida ishtirok etish huquqi beriladi.
Avvalroq, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni ta’sis etilgani haqida xabar bergan edik.
