‘‘Yashil’’ texnikumlarni muvaffaqiyatli bitirgan B2 darajali sertifikatga ega o‘quvchilar bakalavriatga 2-bosqichdan qabul qilinadi

‘‘Yashil’’ texnikumlarni muvaffaqiyatli bitirgan B2 darajali sertifikatga ega o‘quvchilar bakalavriatga 2-bosqichdan qabul qilinadi

Prezidentning ‘‘Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik taʼlim, ilm-fan va targʻibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida’’ gi qarori (PQ–110-son, 25.03.2026-y.) qabul qilindi.

 

Unga muvofiq, 2026–2027-yillar davomida respublikaning har bir hududida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlaydigan 14 ta “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 2030-yilgacha ushbu tizim orqali 10 ming nafar ekologik yo‘nalishdagi kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, 2026–2028-yillarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ilmiy daraja olgan mutaxassislar sonini 150 nafargacha yetkazish ko‘zda tutilgan.

 

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab “yashil” texnikumlar qayta tashkil etilib, ta’lim jarayoni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dasturlar asosida yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu dasturlarda majburiy va tanlov fanlari universitet tomonidan belgilanadi.

 

Shuningdek, universitetning 1-bosqichida oʻqitiladigan mutaxassislik fanlari “yashil” texnikumlarning 2-bosqich oʻquv dasturlariga maxsus kurs sifatida kiritiladi.

 

Qarorga ko‘ra, “yashil” texnikumni muvaffaqiyatli bitirgan ingliz tilidan B2 darajaga ega bitiruvchilar GPA natijalariga qarab universitetning 2-bosqichidan o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Bundan tashqari, texnikumlarda “Ekostipendiya” ta’sis etilib, har yili 10 nafargacha iqtidorli o‘quvchiga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda stipendiya beriladi.

 

Avvalroq, bakalavriat va magistraturada 10 ga yaqin ‘‘yashil’’ yo‘nalishlar ochilishi haqida xabar bergan edik.