‘‘Tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari va metodistlarining faoliyati samaradorligini baholash va ularni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’ Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining (2026-yil 18-fevraldagi 66-sonli) buyrug‘i e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yil iyul oyidan boshlab tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari va metodistlariga mazkur buyruqning l-ilovasida belgilangan mezonlar asosida, qolgan barcha xodimlarga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan to‘lovlar va qo‘shimcha haq miqdorlarini belgilash komissiyasi qaroriga ko‘ra Jamg‘arma hisobidan har oylik ustama haq to‘lab boriladi.
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari va metodistlariga oʻz yoʻnalishlari boʻyicha belgilangan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga (KPI) erishish va natijadorlik uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
Xodimlarning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarining (KPI) bajarilishi Komissiya yigʻilishlarida doimiy ravishda muhokama etib boriladi.
Buyruqda ta’lim bo‘limi rahbarlari va metodistlarining faoliyatini baholash uchun aniq mezonlar (KPI) belgilangan. Bu mezonlar quyidagi asosiy ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi:
- Maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi: 3-7 yoshli bolalar orasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini oshirish. Bu ko‘rsatkichning yuksalishi yoki pasayishi asosida ustamalar belgilanadi.
- Korrupsiyaga qarshi kurashish: Tizimda korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelmaganligi yoki mavjud holatlarning kamaytirilganligi baholanadi.
- Maktablarning ta’lim sifati yuqori bo‘lmagan ulushini kamaytirish. Bu ko‘rsatkichga erishilmasa, ustama haqi belgilanishi kamayadi.
- O‘quvchilarning fan olimpiadalari va test sinovlaridagi yutuqlari: Maktab o‘quvchilarining mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarida erishgan yutuqlari hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish testlaridagi o‘rtacha ballari asosida baholash amalga oshiriladi.
- O‘quvchilar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish: Bu ko‘rsatkichning ijobiy baholanishi, maktablarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar darajasining kamayishini anglatadi.
- Maktablarni moddiy-texnik jihatdan mustahkamlash: Homiylik mablag‘lari hisobidan ta’lim muassasalarining infratuzilmasi mustahkamlash.
Jamg‘arma hisobidan amalga oshiriladigan ustama miqdori tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari va metodistlariga quyidagicha taqsimlanadi:
- Ustama miqdori har yarim yillik faoliyat yakunlari asosida belgilanadi va har o‘ylik ustama to‘lanadi.
- Yangi ishga qabul qilingan rahbarlar uchun ustama haqi 6 oy davomida o‘tkaziladigan baholashdan keyin belgilanishi mumkin.
- Ko‘rsatkichlarning rejadan ortiq bajarilishi natijasida qo‘shimcha ustama miqdori berilishi mumkin. Masalan, agar ta’lim sifati yuqori bo‘lmagan maktablar soni kamaygan bo‘lsa yoki xalqaro olimpiadada o‘quvchilar yuqori natijalarga erishgan bo‘lsa, qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi.
Vazirlik tomonidan har yili yakuniy baholashdan keyin, KPI mezonlarini bajarmagan xodimlar uchun intizomiy chora ko‘rish bo‘yicha takliflar kiritiladi.
2026-yil uchun maqsadli ko‘rsatkichlar har tuman (shahar) kesimida belgilab, axborot tahlil boshqarmasiga taqdim etilishi kerak. Bunda tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari va metodistlarining har bir ko‘rsatkichga erishishi qat’iy nazorat qilinadi.
