Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarni ayrim onlayn platformada ro‘yxatdan o‘tishga majburlanayotganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Xususan, LinkedIn tarmog‘idagi foydalanuvchilardan biri o‘qituvchilarni ayrim onlayn platforma orqali ro‘yxatdan o‘tishga majburlanayotganligini yozgan.
Unga ko‘ra, o’qituvchilardan platformaga obuna bo‘lish va u orqali test topshirish talab etilgan. Bir martadan ortiq urinish esa pullik ekani aytilmoqda. Shuningdek, u maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligidagi tizimning eskirganligini ham tanqid qilgan.
“E shu tizim baribir juda eski. Yangilash kerak. O‘zidan bir pog’ona lavozimi baland odamning noto‘g‘ri buyruqlariga umrida qarshi chiqolmagan, nima desa qilib ketavergan rahbar, aslida rahbar emas…” — deya yozadi LinkedIn foydalanuvchisi Ismoil A’zamov.
Ta’lim sohasi bo‘yicha mutaxassis Komil Jalilov ushbu holatga quyidagicha munosabat bildirgan:
Oʻzbekistonda biznes qilish qiyin, deyishadi. Yoʻq, biznes qilish oson – agar kerakli tashkilotlarda tanishlar boʻlsa. Tayyor mijozlarni topib berishadi – reklamaga ham, mahsuloting yoki xizmatingni raqobatchilarnikidan yaxshiroq qilishga ham mablagʻ sarflab oʻtirmaysan. Agar kerakli joylarda odamlaring boʻlsa, mijozlarni sening mahsulotingdan foydalanishga majburlab berishadi — deya izoh bildirgan Jalilov.
Hozircha mazkur masala yuzasidan mutasaddi tashkilotlarning rasmiy munosabati e’lon qilinmagan.
Avvalroq, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan pedagog xodimlarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qatʼiyan taqiqlanganligi haqida xabar berilgan edi.
