Oʻqituvchilarning ilgʻor tajribasi va faoliyati davomida qoʻllab kelayotgan zamonaviy metodikalarini ommalashtirish uchun foydalaniladigan platforma ishlamayapti. Soha xodimlari ushbu platforma faoliyati tugatilib, o‘rniga yangisi ochilishini ta’kidlamoqda.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarda ommalashtirishga oid bir qancha xabarlar keng tarqaldi.
Xabarlarda aytilishicha, hozirgi ommalashtirish platformasi faoliyati to‘xtatilib, uning o‘rniga yangi platforma ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, baholash mezonlariga ham o‘zgartirish kiritilishi ehtimoli bor.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 7-fevraldagi 32-sonli buyrug‘i bilan o‘qituvchilar ish tajribasini ommalashtirishning yangi tartibi ishlab chiqilgan edi.
Unga ko‘ra, 1-mart sanasidan boshlab takomillashtirilgan tartib asosida ommalashtirish.uz platformasi orqali metodik ishlarni qabul qilish jarayonlari boshlanishi kerak.
Ammo ayni vaqtda ommalashtirish.uz platformasi ishlamayapti.
Telegram kanallarda mavzu yuzasidan muhokama va fikrlar diffuziyasi davom etmoqda.
Jumladan, ‘‘Qiziqarli metodika’’ kanali admini holat bo’yicha quyidagi fikrlarini yozib qoldirgan:
Agar tegishli buyruq yangilanadigan bo‘lsa, ochig‘i, bu jarayon biroz kech e’lon qilinayotganini aytish mumkin. Shu o‘rinda mas’ullardan bunday o‘zgarishlarni kamida 1 chorak oldin e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yishlarini so‘rab qolamiz. Bu pedagoglar uchun rejalashtirishda juda muhim.
A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti matbuot xizmatidan yangi platforma haqida so‘raganimizda, me’yoriy hujjatlar tasdiqlansa, bu haqida ma’lum qilinishi aytildi.
Bundan avval, ‘‘Ommalashtirish nima va uning amalga oshirish tartibi qanday?’’ sarlavhasi ostida maqola e’lon qilgan edik. Unda ommalashtirish jarayonlari tartibi va maqsadi haqida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
