Keyingi o‘quv yilidan tibbiyot sohasida yangi ta’lim yo‘nalishi ochiladi

Keyingi o‘quv yilidan tibbiyot sohasida yangi ta’lim yo‘nalishi ochiladi

Prezident farmoni lohiyasiga ko‘ra “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” yo‘nalishlari negizida xalqaro standartlarga mos “5+1 shaklida”gi “umumiy tibbiyot” bo‘yicha 6 yillik bakalavr ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi. Bitiruvchilar oilaviy shifokor mutaxassisligi oladi. shuningdek, oliy hamshiralik yo‘nalishida qabul kvotalari oshiriladi va yangi magistratura mutaxassisliklari tashkil etiladi.

 

Xabaringiz bor, muhokamalar portaliga “Tibbiyot va farmatsevtika taʼlimi sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon loyihasi joylashtirilgan.

 

Farmon loyihasiga koʻra, “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” yoʻnalishlari negizida xalqaro standartlarga mos ‘‘5+1 shaklidagi’’ “Umumiy tibbiyot” bo‘yicha 6-yillik bakalavr dasturi joriy etiladi. Ushbu yoʻnalish bitiruvchilariga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.

 

Shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari, magistratura va rezidentura mutaxassisliklarining klinik fanlar boʻyicha rotatsiyalarda “bеmor o‘rnida” formatida kunlik o‘qitish soatlarining eng kam miqdori ikki soat etib bеlgilash nazarda tutilgan. Talabalar statsionar va ambulator sharoitda bemorlar bilan ishlashni “Bir talaba – bir bemor” tamoyili asosida, haftasiga kamida uch marta individual amaliyot tarzida olib boradi.

 

Oilaviy tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha ikki yillik rezidentura va undan soʻng ixtiyoriy bir yillik magistratura mutaxassisligi tashkil etiladi. Ushbu yo‘nalish bitiruvchilarga ixtisoslashgan oilaviy shifokor mutaxassisligi bеriladi.

 

Shu bilan birga, tibbiyot texnikumlari bitiruvchilariga belgilangan tartibda faqat “Oliy hamshiralik ishi” bakalavriat yoʻnalishida ikkinchi kursdan oʻqishni davom ettirish huquqi beriladi.

 

Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab, Oliy hamshiralik ishi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi paramеtrlarini oshiriladi. Qabul kvotalari quyidagicha belgilanishi ko‘zda tutilgan:

 

  • 2026-2027 o‘quv yilida 420 ta;
  • 2027-2028 o‘quv yilida 500 ta;
  • 2028-2029 o‘quv yilida 600 ta;
  • 2029-2030 o‘quv yilida 720 ta;
  • 2030-2031 o‘quv yilida 860 ta.

 

Bundan tashqari, “Oliy hamshiralik ishi” bakalavriat bitiruvchilari uchun “klinik hamshiralik ishi” magistratura mutaxassisligini tashkil etish hamda qabul jarayonini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

 

2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy oʻqish davrining kamida 50 foizini davlat granti asosida bitirgan hamda maxsus imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan talabalar uchun hududlarga qarab 1500 soatdan 3000 soatgacha davlat tibbiyot muassasalarida majburiy ishlab berish tartibi joriy etiladi.

 

Bu tartib hududga qarab quyidagi ish soatlarini o‘z ichiga oladi:

 

— Qoraqalpog‘iston Rеspublikasi va viloyatlardagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida – kamida 1 500 ish soati;

 

— tuman (shahar) darajasidagi (Toshkеnt shahri bundan mustasno) boshqa davolash-profilaktika muassasalari hamda tibbiyot sohasidagi davlat boshqaruv organlarida – kamida 2 000 ish soati;

 

— Qoraqalpog‘iston Rеspublikasi va viloyatlar darajasidagi davolash-profilaktika muassasalari hamda tibbiyot sohasidagi davlat boshqaruv organlarida – kamida 2 500 ish soati;

 

— Toshkеnt shahri va rеspublika darajasidagi davolash-profilaktika muassasalari hamda tibbiyot sohasidagi davlat boshqaruv organlarida – kamida 3 000 ish soati.

 

Shuningdek, 2027 yil 1-yanvardan boshlab “oliy hamshiralik ishi” bakalavr yo‘nalishini tamomlagan o‘rta tibbiyot xodimlariga 100 foiz, oilaviy shifokorlik bo‘yicha rеzidеntura va magistraturani tamomlagan oilaviy shifokorlar hamda pеdagog kadrlarga 150 foiz ustama bеlgilash rejalashtirilmoqda.