“Yil oʻqituvchisi” tanlovini oʻtkazish tartibiga oʻzgartirishlar kiritilmoqda

“Yil oʻqituvchisi” tanlovini oʻtkazish tartibiga oʻzgartirishlar kiritilmoqda

Umumiy oʻrta taʼlim pedagoglar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Yil oʻqituvchisi” tanlovining 3-bosqich shartlariga ayrim oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” qaror loyihasi eʼlon qilindi. Hozirda loyiha jamoatchilik muhokamasi bosqichida turibdi.

 

Yangi qaror loyihasiga koʻra, ayrim qaror va nizomlarga bir qancha o’zgarishlar boʻlishi kutilmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan “Yil oʻqituvchisi” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomning 9-bandi 4-xatboshisi va 15-bandlarini quyidagi tartibda oʻzgartirish belgilangan:

 

9-band 4-xatboshi: uchinchi bosqichda — tanlov gʻoliblari taqdirlanadigan yilning aprel may oylarida nomzodlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati «taqdimoti» hamda «kitobxonlik boʻyicha test» asosida hakamlar hayʼati tomonidan baholanadi;

 

15-band: tanlovning uchinchi bosqichida nomzodning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati «taqdimoti» hamda «kitobxonlik boʻyicha test» asosida 100 ballik tizimda baholanadi.

 

Xoʻsh, yangi qaror loyihasida aynan qanday oʻzgarish nazarda tutilgan?

 

“Yil oʻqituvchisi” tanlovini tashkil qilish nizomining amaldagi tartibiga koʻra, tanlovning 3-bosqichida talabgorlar maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati va kitobxonligi taqdimoti asosida hakamlar hayʼati tomonidan baholanishi belgilangan. Yangi tahrirda esa, “kitobxonlik boʻyicha test” va maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati boʻyicha taqdimoti asosida sinovdan oʻtkazilishi qayd etililgan.