O‘z ammasini Xitoyga o‘qishga kiritish va’dasi bilan 4 900 dollarga aldagan qiz jazolandi

O‘z ammasini Xitoyga o‘qishga kiritish va’dasi bilan 4 900 dollarga aldagan qiz jazolandi

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining “Postda” nashrida e’lon qilingan materialda yaqin qarindoshini Xitoyda PhD bosqichiga o‘qishga kiritish va’dasi bilan aldab, katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgan ayolga oid voqea tafsilotlari ochiqlandi.

 

Ma’lum qilinishicha, Xitoy Xalq Respublikasining Axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan qiz o‘z mablag‘i evaziga avtomobil sotib olmoqchi bo‘lgan ammasiga Xitoyda doktoranturaga (PhD) o‘qishga kiritib qo‘yishini va’da qilgan.

 

U dastlab hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 2 300 AQSH dollari, keyinchalik yotoqxona uchun 2 200 AQSH dollari olgan. Oradan vaqt o‘tib, “biznes viza” rasmiylashtirish bahonasida yana 400 dollar talab qilgan.

 

2025-yil yanvar oyida ayblanuvchi ammasini soxta hujjatlar bilan Xitoyning Xanjou shahriga jo‘natgan. Jabrlanuvchi u yerga yetib borgach, viza markazidan Guanchjou shahridagi oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingani aytilgan. Biroq Guanchjoudagi tibbiyot oliygohiga murojaat qilganida, uning nomiga hech qanday hujjat topshirilmagani aniqlangan.

 

Qiz ammasiga tibbiyot oliygohining yotoqxonasida joy qolmaganligi sababli, birinchi kursni o‘sha yerdagi Politexnika ayollar kasb-hunar kollejida o‘qishini, tibbiyot oliygohi bilan kollej o‘rtasida shartnoma borligini aytib, uni ishontirmoqchi bo‘ladi. Jabrlanuvchi bu safar ishonmaydi.

 

Natijada o‘z jiyaniga ishonib qolgan jabrlanuvchi, oxir oqibat na o‘qishga kira olgan na mashina sotib olgan.

 

Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan ayblanuvchiga nisbatan tegishli jazo qo‘llanilgan.