Talabalar soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari uchun to‘lagan kontrakt summasining 12 foizini qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, mazkur bandga koʻra, professional va oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish maqsadida oʻzining, farzandlarining, shuningdek yigirma olti yoshga toʻlmagan turmush oʻrtogʻi uchun toʻlangan daromadlariga soliq solinmaydi.
Mazkur imtiyoz banklardan olgan taʼlim kreditlaringizni (foizlari bilan) qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Bu imtiyozdan onlayn – my3.soliq.uz sayti yoki Soliq mobil ilovasi, qolaversa oʻz hududingizdagi soliq organlari orqali foydalanishingiz mumkin.
my3.soliq.uz sayti orqali ketma-ketlik quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
Buning uchun avval, my3.soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinet orqali deklaratsiya to‘ldirish kerak bo‘ladi.
U yerdan barcha xizmatlar boʻlimiga oʻtilib, jismoniy shaxslar soʻngra jismoniy shaxsning jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya tugmasi bosiladi.
Ochilgan oyna orqali soliq kodeksining 393-moddasida keltirilgan daromadlar boʻyicha deklaratsiya topshirish mumkin.
Bunda ‘‘Jismoniy shaxsning jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya’’ boʻlimidan ‘‘Deklaratsiyani toʻldirish’’ tugmasi bosiladi.
Oynada fuqaroning umumiy maʼlumotlari avtomatik shakllanadi va deklaratsiya turidan jami yillik deklaratsiya shakli tanlab, hisobot turi, yil hamda davr qatorlari toʻldiriladi va saqlash tugmasi bosiladi.
Keyingi sahifada foydalanuvchining ish joyi yillik ish haqqi hamda toʻlangan daromadlar soliq summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik shakllanadi.
Foydalanuvchi tomonidan asosiy yoki asosiy boʻlmagan joyiga belgi qoʻyilib saqlash hamda keyingi tugmasi bosiladi.
Navbatdagi jarayonda hisobot shakllaridan soliq imtiyozlari boʻlimi tanlanib, imtiyoz turi qatoridan ‘‘Soliq solinmaydigan daromadlar (SK 378-moddasi)’’ tanlanadi.
Imtiyozlar toifalari boʻlimidan 16.1-band belgilanadi.
Maʼlumot uchun, nodavlat maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlariga qilingan toʻlovlardan daromad soligʻini qaytarib olish uchun 16.2 band, ipoteka kreditlariga qilingan mablagʻlardan soliqni qaytarib olish uchun esa 16.4 band tanlandi.
Keyingi qatorga talabaning 14 ta raqamdan iborat talabaning identifikatsiya raqami kiritilganda, talaba bilan bogʻliq maʼlumotlar avtomatik shakllanadi.
Soʻngra oʻquv yurtining identifikatsiya raqami, nomi, shartnoma raqami va sanasi, kontrakt uchun yoʻnaltirilgan summa tegishli qatorlarga kiritiladi.
Shundan soʻng, ‘‘Faylni yuklash’’ tugmasi orqali kontrakt toʻlovi, kvitansiyalari, shartnoma va boshqa tegishli hujjatlar biriktirilib ‘‘Deklaratsiyani saqlash’’ tugmasi orqali keyingi bosqichga oʻtiladi.
Navbatdagi bosqichda daromad soligʻi hisob kitobi boʻlimiga oʻtilganda, soliq toʻlovchiga qaytariladigan daromad soligʻi miqdori pastki qatordan avtomatik tarzda paydo boʻladi.
Maʼlumotlarning toʻgʻriligiga ishonch hosil qilingach, joʻnatish tugmasi bosiladi.
Deklaratsiya topshirish jarayoni yakunlandi. Endi kontrakt uchun toʻlangan summadan daromad soligʻini qaytarib olish uchun soliq organiga ‘‘elektron ariza’’ yuborish lozim.
Buning uchun my.soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinetga kirib, ‘‘Jismoniy shaxslarning ortiqcha toʻlangan soliq summalarini qaytarib olish’’ elektron xizmati tanlanadi.
Ochilgan oynadagi qatorlarga soʻralgan maʼlumotlar hamda bank plastik kartasi maʼlumotlari kiritilib, ‘‘Joʻnatish’’ tugmasi bosiladi.
Ariza yuborilgach hujjatlarda kamchiliklar yoki boshqa soliq turidan qarzdorlik boʻlmasa, belgilangan daromad soliq summasi 15 kun ichida jismoniy shaxsning bank kartasiga qaytariladi.
Shuningdek, Soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Muzaffar Nazarovning Talimxabarlari.uz ga ma’lum qilishicha, xususiy universitetda tahsil olayotgan talabalar ham taʼlim olishi uchun toʻlagan summadan 12 foizlik daromad soligʻini qaytarib olishlari mumkin. Ushbu tartib super-kontrakt uchun toʻlov qilinganda ham amal qiladi.
Buning uchun talaba tahsil olayotgan xususiy universitet oliy taʼlim vazirligining www.edu.uz saytidagi ‘‘Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxati’’da bor bo‘lishi lozim. Mazkur roʻyxatga belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan xususiy oliy taʼlim muassasalari hamda chet el oliy taʼlim muassasalarining filiallari kiritiladi.
Muhim: Agar siz oldingi yillarda ishlagan boʻlsangiz, shartnoma summasini oʻzingiz mustaqil ravishda toʻlagan boʻlsangiz, doimiy yashash joyidagi soliq organiga jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiya va quyidagi hujjatlarni topshirish orqali toʻlangan daromad soligʻini qaytarishingiz mumkin:
— talaba bilan oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;
— tijorat banki bilan taʼlim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi, bor boʻlsa;
— kontrakt mablagʻlarini mustaqil toʻlaganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
— pasport nusxasi.
Agar taʼlim uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori yillik daromadingizdan ortiq boʻlsa, boshqa oila aʼzosi (ota/ona, er/xotin) soliq toʻlangan summaning qolgan qismidan olingan daromad soligʻini xuddi shu tarzda qaytarishi mumkin. Bunda, u avval imtiyoz qoʻllanilgan summa miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma taqdim etilishi kerak.
Quyidagi videoda qaytarib olish tartibi ko‘rsatilgan: Soliq imtiyozini qaytarib olish



