Texnikumlarda 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarga stipendiya to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Prezidentning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida ma’lum qilingan.
Farmonga ko‘ra:
— har bir o‘quvchiga fanlarni o‘zlashtirishidan qat’i nazar bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida;
— fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 85 foizdan yuqori hamda kasblar bo‘yicha respublika va xorijiy tanlovlar g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida stipendiya to‘lanishi ko‘zda tutiladi.
Yil yakuniga qadar mazkur tizim orqali texnikumlarning 100 mingdan ortiq o‘quvchisini rag‘batlantirish rejalashtirilgan. Davlat byudjeti hisobidan to‘lanadigan stipendiya miqdori 412 ming so‘mdan 1,2 million so‘mgacha etishi kutilmoqda.
Shuningdek, davlat dasturiga ko‘ra, xalqaro ta’lim standartlari asosida integratsiyalashgan o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Farmonda quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy etiladi:
— Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Xalqaro texnologiyalar instituti va uning qoshida xalqaro akademik litsey tashkil etiladi;
— ta’lim dasturlari xalqaro darajada tan olinadigan standartlar asosida integratsiya qilinadi;
— Buyuk Britaniya, Avstraliya, Malayziya va boshqa rivojlangan davlatlarning yetakchi universitetlari bilan ta’limni uzluksiz davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Xususan, Buyuk Britaniya ta’lim standartlariga asosida “A-Level” kvalifikatsiyasiga ekvivalent bo‘lgan Xalqaro malakalar va baholash markazi tomonidan ishlab chiqilgan 3-darajali (“Level 3”) ta’lim dasturlari joriy etiladi. Institut, akademik litsey hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda 1+3 ta’lim modeli asosida stipendiya mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
