Yangi o‘quv yilidan o‘quvchilar uchun “Kasblar shaharchalari” tashkil etiladi

Yangi o‘quv yilidan o‘quvchilar uchun “Kasblar shaharchalari” tashkil etiladi

Prezidentning 2026-yil 16-fevralda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF–22-son Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2026/2027 oʻquv yilidan 7 ta hududda “Kasblar shaharchalari” tashkil etiladi.

 

Farmonga muvofiq mahallani rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ustuvor islohotlarning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

 

– mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qoʻshimcha 100 mingta yangi ish oʻrnini yaratish;

 

– mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trln soʻm mablagʻ yoʻnaltirib, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish.

 

Quyidagilar kasblarni rivojlantirish boʻyicha ustuvor islohotlarning asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi:

 

– 2026/2027 oʻquv yilidan 7 ta hududda ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlarida “Kasblar shaharchalari”ni tashkil etib, ular orqali maktab oʻquvchilarini zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish;

 

– 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab texnikumlarda stipendiya toʻlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

 

– hududlarda 24 ta malakani baholash markazlarini tashkil etib, mehnat bozorida tan olinadigan sertifikat berishni joriy etish.

 

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 26-dekabrda bo‘lib o‘tgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.