O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ–59-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, olis va chekka hududlardagi mahallalarda xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkil etish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 320 baravari miqdorida foizsiz qarz (ssuda) ajratiladi.
Qarz ajratishda quyidagi talablar belgilanadi:
— yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan yoki yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektining ularga xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikati olinganiga ikki yildan oshmagan bo‘lishi;
— qarz oluvchi subyektlar bilan Jamg‘arma ijro etuvchi organi o‘rtasida affillanganlik holati bo‘lmasligi.
Qarz quyidagi subyektlarga ajratiladi:
— yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti sifatida faoliyat yurituvchi yosh fuqarolarga;
— ustav fondi (ustav kapitali)ning kamida 50 foizi qarz ajratilishi vaqtida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli bo‘lgan yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlariga.
Shuningdek, ushbu qarorga asosan o‘quvchi va talabalar o‘rtasida “Eng yaxshi startap gʻoyasi” va “Eng innovatsion gʻoya” tanlovlari ham oʻtkaziladi.
