Bugun, 10-fevral kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan brifingda yangi o‘quv yilidan bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari joriy etilishi haqida ma’lumot berildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2026–2027 o‘quv yilida maktabga tayyorlov guruhlariga bolalar amaldagi tartib asosida qabul qilinadi. Ya’ni, bolalar umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinib, maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya jarayonlari davom ettiriladi.
Mazkur o‘quv yili davomida bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat berilishiga oid barcha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.
2027–2028 o‘quv yilidan boshlab esa maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat berilishi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu ma’lumotlar keyinchalik umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi.
Shuningdek, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida joriy etiladi.
Barcha 6 yoshli bolalarni qamrab olish uchun bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari hamda ijtimoiy soha obyektlarida tashkil etiladi. Xususiy ta’lim tashkilotlariga ham bunday tayyorlov guruhlarini ochishga ruxsat beriladi.
